Музыка по альфавиту: A | B | C | D | E | F | G | H | I | J | K | L | M | N | O | P | Q | R | S | T | U | V | X | Y | Z | 0-9

0

Akulalar yo‘q bo‘lsa, okean qay holga tushadi?

Автор: MASSARIкатегория: Dunyo g'aroyibotlariдата: 19.10.2019
Akulalar evolyutsiyaning eng ajoyib ijod namunasi bo‘lgan mohir yirtqichlardir. 400 million yildan ortiq vaqtdan beri akulalar butun dunyo okean va dengizlarida suzib yuribdi, ular hatto chuchuk suvli ko‘l va daryolarga ham kirib borgan. Hozirda fanga 500 dan ziyod akula turlari ma’lum bo‘lib, olimlar bu hali hammasi emas degan fikrda.

Akula Rhincodon typus, ya’ni kitsimon akula singari bahaybat bo‘lishi yoki Mollisquama parini turi singari odam kaftiga sig‘ar darajada mitti bo‘lishi mumkin. Lekin «akula!» degan xitobni eshitganda biz odatda Carcharodon carcharias, ya’ni oq akulani tasavvur qilamiz. Haqiqatan ham, u yirtqich akulalar ichida eng taniqlisidir. Asosan vahima syujetli filmlar sababli ushbu tur akulaning odamlar tasavvuridagi qiyofasi juda dahshatli va beshafqat ko‘rinishda bo‘lib qolgan. Stiven Spilberg o‘z rejissorlik mahoratini shu qadar yaxshi ko‘rsatdiki, oqibatda uning filmini ko‘rgan har bir odamda hech bo‘lmasa bir marta «dunyoda akulalar bo‘lmasa edi» degan fikr uyg‘ongan. Xo‘sh, akulalar bo‘lmasa, dunyo okeanlari qay holga tushardi?

Akula juda xilma-xil ekosistemalarda yashaydi: uni sayoz mangra o‘rmonlari suvlaridan tortib tropik marjon riflari yaqinida, Arktikaning sovuq suvli havzalaridan tortib ummonlarining eng ovloq hududlarida uchratish mumkin. Biroq u qayerda, qay sharoitda yashashidan qat’iy nazar, akula har doim yirtqich bo‘lib qoladi. Bu esa o‘sha hududdagi sog‘lom ekologik muhitni saqlab turishda juda muhimdir, deya ta’kidlagan Dublindagi Triniti-kollej zoologiya kafedrasi mutaxassisi Jenni Bortolutsi. Albatta, suvo‘tlar bilan oziqlanadigan akula turlari ham mavjud. Biroq bunday akulalarni butunlay vegetarian deb bo‘lmaydi – ular go‘shtdan tashqari suvo‘t ham yeydi; boshqalari esa faqat etxo‘r bo‘lgan uchun o‘simlik iste’mol qilmaydi.

Akula kasalmand va nimjon o‘ljani tutib yeydi. Shu tariqa, bu yirtqichlar nafaqat muayyan bir populyatsiyaning sog‘lom muhitini, balki uning sonini ham nazorat qilib turadi. Shu yo‘l bilan ekosistemadagi cheklangan resurslarning ushbu sistemada yashovchi hamma turlarga yetarli darajada saqlanishi ta’minlab turiladi.

Bundan tashqari, akula muayyan ekosistemani bilvosita himoya qilish vazifasini ham bajaradi. Masalan, dengiz suvo‘tlari yaqinida yashaydigan akula turi – yo‘lbars akulalar ushbu suvo‘tlarni dengiz toshbaqalaridan himoya qiladi. Aks holda toshbaqalar ushbu suvo‘tlarni yeb bitirishi mumkin.

Boz ustiga, suvdagi kislorod miqdori barqaror saqlanishida ham akulalarning o‘z o‘rni bor. Xususan, dengiz suvini kislorod bilan boyitadigan plankton bilan oziqlanadigan baliqlarning sonini, ularni ovlaydigan akulalar chegaralab turadi. Agar o‘sha baliqlar haddan ziyod ko‘payib ketib, planktonni yeb yuborsa, dengiz suvida kislorod miqdori kamaya boshlaydi.

Akulalarsiz ayniqsa marjon qoyalari katta ziyon ko‘radi. Chunki marjon riflaridagi ekosistemaning biologik xilma-xilligini aynan akulalar nazorat qiladi.

Akulalar okeanlardan yo‘qolib qolishi oqibatlari haqidagi savolga okeanologiya kafedrasi professori assistenti va Shark Conservation Lab direktori Tobi Dali-Engel «Agar akulalar yo‘q bo‘lib ketsa, okeanda mayda baliqlar soni keskin ko‘payadi. Bu esa ularning ozuqasi bo‘lgan plankton, krevetka va boshqa mikroorganizmlarning juda tezlik bilan yeb bitirilishiga olib keladi. Oqibatda mayda baliqlar ozuqasiz qolib, ochlikdan qirilib ketadi», deya izoh bergan.

Buning oqibatida marjon riflarini suvo‘tlar va bakteriyalar qoplab oladi. Oqibatda marjonlar fotosintez qila olmay qolib, o‘limga yuz tutadi. Natijada esa boy biologik xilma-xillik makoni bo‘lgan marjon qoyalari o‘rnida ularning skeletidan iborat o‘lik sahna qoladi xolos.

Akulalarning o‘zi ham ba’zida o‘zidan yirikroq boshqa yirtqichlarga yem bo‘lishi mumkin. Masalan, kosatkalar akulalarni yeydi. Ishonmasangiz, chuqur suv osti tubliklarida yashaydigan poliprion balig‘ining akulani butunicha yutib yuborgani videosini ko‘rishingiz mumkin. Hatto ba’zi sakkizoyoqlar ham akulani o‘z iskanjasiga olib, yeb yuboradi.

Akulaning ko‘chib yuruvchi turlari, masalan, kulrang akula o‘z yo‘lidagi okean tubida yashovchi mikroorganizmlarga ozuqa bo‘ladigan chiqitlarni tashlab o‘tadi. Bir kunda akulaning hayot faoliyati chiqindilari orqali suv ostiga 95 kilogrammgacha azot kelib tushadi.

Xulosa shuki, qanchalik vahimali va yirtqich bo‘lmasin, akula okean sanitari sifatida himoyalanishi kerak bo‘lgan jonivordir. Hozirda 25 foizga yaqin akula va skat turlari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgan. So‘nggi bir necha o‘n yillikda esa akulaning ba’zi turlari populyatsiyasi 90 foizgacha kamayib ketgan.

Теги: Akula, Dengiz, Okean

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]