наверх
Главная » Новости » Shou-Biznes yangiliklari
11:16
Avaz Oxun 8 soat toʻxtamay gapira oladi (foto)

Oʻzining “Yettidan yetmishgacha” deb nomlangan yangi konsert dasturini havola etish istagida boʻlgan Avaz OXUN shu kunlarda juda band. Shunga qaramay, suhbatlashishga bajonidil rozi boʻldi. Noodatiy savollarimiz bilan choʻchita olmagan boʻlsak-da, u haqida hech kim bilmagan maʼlumotlardan xabar topdik.

— Atay kimnidir kulguga olgan paytingiz boʻlganmi?
— Sahnada ha, hayotda yoʻq! Sahna chiqishlarida kimdandir murojaat kelib tushsa, aytaylik, bu tomoshabinlardan biriyoki hamkasblar boʻlsa, hazil tariqasida kulguga olishim mumkin. Bu mening javobim boʻladi-da. Lekin hayotda atay kimnidir kulgu qilmayman.

— Bir kun kelib hazil qilish uchun mavzu qolmasa...
— Qayerdadir qolib ketgani boʻlar, qidiramiz! Har konsertdan soʻng mavzular qopi boʻshab qoladi, uni qayta toʻldirish uchun yangilarini izlab topish kerak. Qisqasi, mavzu axtarish bu Avaz Oxunning har doimgi ishi.

— Rostini ayting, boshqa soʻz ustalarining repertuaridan koʻchirmakashlik qilganmisiz?
— Yoʻq! Repertuarni tomosha qilib ilhomlangan boʻlishim mumkin, lekin koʻchirmakashlik qilmaganman. Boshqa sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan latifalardan foydalanib turaman, negaki ular xalq mulki. Biroq hech kimning mualliflik ishidan nusxa olmayman.

— Avaz Oxun qachon yolgʻon gapiradi?
— Aytadigan soʻzim yaxshilikka xizmat qilishi mumkinligini bilsam, yolgʻon ishlataman. Ammo yolgʻonchilarga hushim yoʻq.

— Sizdan qarz soʻraydiganlar koʻpmi?
— Qarz olganlar koʻp (kuladi). Olishga olishgan-u, hali qaytarib berishmayapti.

— Nechta hazilni yoddan bilasiz?
—Toʻgʻrisini aytsam, hisoblab koʻrmagan ekanman. Shu yilgisi bilan bu toʻrtinchi konsert dasturim boʻlsa, toʻxtamay, bir gapni ikkinchi marta takrorlamay sakkiz soat gapirishim mumkinligini bilaman.

— Qiziqchilar “duel”i tashkil qilinsa, sizning raqibingiz kim boʻlishi mumkin?
— Bilmasam... Kim bilan “duel”ga chiqishimning ahamiyati yoʻq. Raqobatlashishga qarshi emasman.

— Bolta shoʻrva tayyorlab koʻrganmisiz?
— Ha! Talabalik davrimiz bolta shoʻrva, piyoz shoʻrva kabi tansiq taomlarimiz boʻlardi. Buxanka nondan tort ham tayyorlaganmiz.

— Mashhurlik pand beradimi?
— Baʼzan... Tanila boshlaganingizdan soʻng atrofingizdagi insonlarning sizdan ranjib qolishlari oson boʻlarkan. Kimningdir biror iltimosini bajara olmasangiz yoki muomalangizni goʻyoki oʻzgarib qolgandek qabul qilishsa, darrov xafa boʻlishadi. Vaholanki, siz oʻsha-oʻshasiz. Nega shunday, hayron boʻlaman.

— Siz bilan xizmat haqini savdolashish mumkinmi?
— “Falon soʻmga boraman, tamom-vassalom” deydigan odatim yoʻq. Hurmat qilib taklif qilishyaptimi, albatta, toʻy egasining imkoniyatini hisobga olaman. Shu bilan birga, meʼyorni ushlashga ham harakat qilaman.

— Avaz Oxun qoʻshiq kuylabdi deyishsa, ishonaveraylikmi?
— Besh-oltita qoʻshiqlarim bor, ishonavering.

— Chin aytyapsizmi? Nega hech qayerda eshitmaganmiz?
— Toʻy yoki tadbirlarga qoʻshiq aytishim uchun chaqirishmaydi-ku. “Kuylab bering” deyishsa, bajonidil, bunisini ham doʻndiramiz.

— Avaz aka, oʻn yildan keyin sizning oʻrningizda kim boʻlishi mumkin?
— Bashoratlardan juda qoʻrqaman. Taqdirdan bari. Bugun Avaz Oxun boʻlib elga tanilishimni ham bir paytlari tasavvur qilolmasdim. Xayol qilganim rost, ammo bunchalik boʻladi deb oʻylamagandim. “Yigit kishining omadi bilan hech qachon hazillashmang” deyishgani toʻgʻri ekan. Samarqandlik shogirdim bor, Diyorjon Faxriyev. U bilan astoydil shugʻullanyapman, nasib qilsa, siz aytgan savolning javobini shu yigit berar degan niyat ham yoʻq emas.

— Demak, ustozlik qilyapsiz?
— Ha! Asli shogirdlarim koʻp. Diyorjonni aytganim, undan umidim katta. Hali bu yigit haqida eshitasiz.
Dildora YUSUFBЕKOVA suhbatlashdi.

Manba: darakchi.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Shou-Biznes yangiliklari | Просмотров: 753 | Добавил: MASSARI | Теги: Qiziqchi, Avaz Oxun | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]