наверх
Главная » Новости » Xikoyalar / Mutolaa
20:06
Bir jinsli er-xotinlik tarafdorining tavbasi... (Voqea real hayotdan olingan)

Rossiyada hezalaklarni, bir jinsli er-xotinlik tarafdorlarini deyarli har kuni o‘ldirishadi, qiynoqqa solishadi. Ammo ular taslim bo‘lmayapti…

— Mening ismim Darya, — deya o‘zini tanishtirdi kelishgan, husni jamoli hech kimnikidan kam bo‘lmagan 23 yoshli qiz. — Meni ham ota-ona dunyoga keltirgan. Bolaligimdan asrab-avaylashgan. Lekin ulg‘aygach, men faqat ayollar bilangina uchrashish, er-xotin sifatida yashash tarafdoriga aylandim. Mana shuning o‘zi boshimga balo bo‘ldi, kun sayin sho‘rimga sho‘rva to‘kila bordi. Menga na politsiyachilar, na oddiy odamlar tinchlik berishardi. Xudoning bergan kuni internetda o‘lim bilan qo‘rqitishardi. Yegan-ichganimda halovat bo‘lmasdi. Men bo‘lsam, sira ortga chekingim kelmasdi. Bir kun kelib odamlar ko‘nikadi, tushuna boshlashadi, tinch qo‘yishadi deb o‘ylardim. Xato qilibman. Hanuz hayotim xavf ostida…

Ha, erta bahor edi. Men haydovchilik kursida o‘qiyotgandim. Kursdan chiqib o‘zim «sevgan» ayolning uyiga birrov kirib o‘tdim. Uning ismi Tamara. Mendan ikki yosh katta. Tamara meni shu qadar avaylar, erkalardiki, bunday erkalashni hech bir erkakdan topa olmasligimga qattiq ishonardim. Tamaranikidan chiqib uyim tomon yo‘l olganimda, yersoti yo‘lida to‘rt erkak yo‘limni to‘sdi. Ularning qo‘lida pichoqlar yaltirardi. Erkaklar menga yaqinda internetda ogohlantirishganini eslatishdi. Men bo‘sh kelmadim. Shunda erkaklarning biri qornim aralash tig‘ sanchdi…

Yo‘q, bir marta emas, ko‘p marotaba tig‘ sanchdi. Men boshim aylanib, qorin qismimda kuchli og‘riq tuyib ko‘z ochib yumguncha hushimdan ketdim…

O‘lgan bo‘lsam kerak deb o‘ylovdim. Shuning uchun yengil tortgandim. Yorug‘ dunyodagi bilib-bilmay yo‘l qo‘ygan xatolarim tufayli azoblanmasligimni o‘ylab quvongandim. Quvonchlarim sarob bo‘lib chiqdi. Men tirik qolibman…

Olti oy to‘shakka mixlanib yotdim. Na ota-onam, na Tamara kelib xabar olishdi. O‘zim yig‘ladim, o‘zim kuydim, o‘zim yupandim…

Va nihoyat Yaratgan menga o‘z marhamatini ato etdi. Ko‘nglimga poklik, to‘g‘rilik, mehr, shafqat nurini sochdi. Haromdan hazar qilishga undadi. Ko‘ndim. Jon deb rozi bo‘ldim. Xudoyim mendek adashgan, sarqit kabi pastkash bir bandani ham suya olishiga guvoh bo‘lib quvonganimdan dunyolarga sig‘may ketdim.

Akalar, singillar, men haqimda nima deb o‘ylasangiz o‘ylang. Ammo men hozir butkul boshqa odamga aylanganman. Men hezalaklardan, o‘zim kabi bir jinsli er-xotinlik kabi chirkinliklardan hazar qiladigan munisa bir ayolga aylanganman. Sizlar ham yo‘ldan adashmang. Xudoyim sizni ayol qilib yaratdimi, ayolligingizga shukr qiling. Ayol erkakka tobeligi, unga munosib yor bo‘lishi lozimligiga iymon keltiring. Erkak faqat ayol bilan er-xotin bo‘la olishi haqidagi haqiqatlarni yodda tuting. Agar men kabi allaqachon yo‘ldan adashib ulgurgan bo‘lsangiz, haliyam kech emas, tavba qiling! Yig‘lab-yig‘lab, faryod chekib chin ko‘ngildan tavbalar qiling! Xudoyim tavbangizni albatta qabul qiladi inshoolloh! Men ham…

Shunday isqirtliklar, chirkin muhit girdobida so‘qir kabi izg‘ib o‘tkazgan kunlarim, lahzalarim uchun tavba qildi-im, xudoyim! Tavba qildi-i-im!!!
Manba: hordiq.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Xikoyalar / Mutolaa | Просмотров: 1846 | Добавил: MASSARI | Теги: bir jinsli er-hotinlik, hayotiy voqea | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]