наверх
Главная » Новости » Turmush chorraxalarida
16:10
"Erim bepusht ekan..."

Ko‘zlarida yosh, chehrasiga g‘am ko‘lankasi soya solib, boshini ko‘targulik holatida emas. «Opajon menga yordam berasizmi? Iltimos, biror yo‘lini ko‘rsating, - degancha qarshimda ko‘z yoshlarini oqizayotgan kelinchakka savolchan tikilaman.

— Hozir juda qiyin vaziyatdaman. Dardlarimni hatto men uchun eng yaqin inson bo‘lgan onamga ham aytolmayman. Oldingizga maslahat so‘rab keldim. Biz turmush o‘rtog‘im bilan talabalik paytida tanishib, ahdu paymon qilgandik. Munosabatlarimizdan ota-onalarimiz ham boxabar edi. Muhabbatdan sarxushu mast bo‘lib yurgan kezlarimizda, ikki tomon to‘y taraddudiga tushishdi. Orzu-havasli, to‘ydan keyin qaynonamning erka kelini bo‘lib o‘qishimga borib-kelib yuraverdim. Qaynonam injiqlik qilmas, qaytanga o‘zi ovqatlarimgacha tayyorlab qo‘yar, hatto o‘qishdan kelsam, o‘zimning ham, kuyovimning ham kirlari toza yuvilgan, dazmollab qo‘yilgan bo‘lardi. Men ahmoq bularni, qaynonam meni yaxshi ko‘rishidan qiladi, deb o‘ylar ekanman. Bu «mehribonchilik» va «g‘amxo‘rlik»ning asl mohiyatini bilganimda esa, aql-hushimdan og‘ib qolay, dedim: ya’ni, erim bepusht ekanu, qaynona-qaynotam bundan xabardor ekan. To‘g‘rirog‘i, bolaligida ko‘p xastalikni boshdan kechirgan erim haqida shifokorlar, farzand ko‘rolmaslik ehtimoli borligini aytishgan ekan. Hammasini chalkashtirib yubordim, chog‘i, uzr. Hozir xuddi savdoyiga o‘xshab yuribman, nima deyotganimni, qayerga borayotganimniyu, nima qilayotganimni ham bilmayman.

Xullas, turmush qurganimizning beshinchi oyi ayam - o‘zimning onam xavotirlanib, meni mutaxassis shifokor ko‘rigiga olib bordi. Garchi o‘zim hali-beri o‘qishim tugamaguncha farzand ko‘rishni unchalik istamayotgan bo‘lsam-da, onam shifokor ko‘rigiga borishimizni, agar muolaja kerak bo‘lsa tezroq davolanib, natijasini kutishimizni ta’kidladilar. Tekshiruv natijalari mening sog‘lom va farzand ko‘rishga layoqatli ekanimni bildirdi. Meni tekshirib ko‘rgan do‘xtir, «Eringiz ham tahlil topshirib ko‘rsinlar, balki ularga muolaja zarurdir yoki organizmlaringiz bir-biriga moslasholmayotgandir, degandi. Men bu haqida kuyovimga aytishga istihola qilib, onam orqali qaynonamga bildirdim. Qaynonam onamga rozilik berganday bo‘libdi, ular ketgandan keyin meni yoniga olib:

— Qizim, bir-birlaringni yaxshi ko‘rasizlar. Oilaviy mojarolaringizga uyingizdagilarni aralashtirib yurmang. Xudo xohlasa, sizlarga ham farzand berib qoladi, - dedi. Men oddiy gapga tushunmaydigan darajada ovsar emasman. Qaynonamning gap-so‘zlaridan ko‘nglim negadir xijillandi. Chunki, eshitishimcha kelinlar hadeganda homilador bo‘lavermasa, garchi ayb o‘g‘lida bo‘lsa ham qaynonalar keliniga zug‘um qilib, ularni aybdor qiladi. Nega endi mening qaynonam nevara ko‘rishga bunchalik beparvo, deb o‘ylab yurganimda qaynona-qaynotamning suhbatlari qulog‘imga chalinib qoldi:

— Kelinni onasi do‘xtirma do‘xtir sudrab yuribdi. Uyalmay-netmay kuyovbola bir do‘xtirdan o‘tib qo‘ysinlar, ham deyapti. Qizini malikaday olib yurganimga shukr qilsin. Kelin bo‘lib tushganidan beri bitta qiyshaygan piyolani to‘g‘rilab qo‘ygani yo‘q.

— Bunaqa gaplarni yig‘ishtirsang-chi, undan ko‘ra qudaning fikrini ma’qullab, o‘g‘lingni tuzukroq do‘xtirga ko‘rinishini ayt. Zora Xudoning rahmi kelib, shifo berib qolsa!- Bu ovoz qaynotamga tegishli edi.

Qaynonam uning gapini keskin rad etib, agar men va ota-onam o‘g‘lining siridan voqif bo‘lib qolsak, uni tashlab ketishim mumkinligini aytdi. Qaynotam, birovlarni aldab qizini kelin qilish, o‘zining baxtsizligiga birovni sherik qilish gunoh ekanligini aytdi. Bu suhbat qulog‘imga kirganidan beri o‘zimda yo‘qman. Erim ikki gapning birida nega bunchalik g‘amgin bo‘lib qolganim sababini surishtirgani surishtirgan. Men esa javobga so‘z topolmayman va… bu muammoni qanday yechish yo‘lini o‘ylab o‘yimga yetolmayman. To‘g‘ri, erimni yaxshi ko‘raman, lekin tirnoqqa zor bo‘lib o‘tishni o‘ylasam, yuragim uvishadi. Taqdirimda shu sinovlar ham bor ekanmi…

Kelinchakka nima deb tasalli berishni, maslahat berishni bilmay boshim qotdi. Qolaversa, bunaqa mushkul vaziyatda nima deyishingni bilmaysan kishi. Nima bo‘lganda ham, mushkul holatga tushgan kishilarga Allohning o‘zi sabr bersin. O‘zining xotirjamligi, tinchligi uchun xudbinlik qilib, o‘zgalar hayoti, taqdiri bilan o‘ynashadiganlarga ham Yaratganning o‘zi insof bersin...
Manba: zamin.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Turmush chorraxalarida | Просмотров: 1375 | Добавил: MASSARI | Теги: hayot tarzi, turmush chorraxalarida | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]