наверх
Главная » Новости » Sport yangiliklari
11:58
"Menga to‘pga 150 marta tegib o‘ynaladigan futbol kerak emas"

Kecha bo‘lib o‘tgan Ispaniya chempionatining navbatdagi turida o‘rtamiyona "Eybar" sensatsion g‘alabaga erishdi.
Nari borsa 30 ming aholi istiqomat qiladigan shahar jamoasi kimsan "Real"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Shu bois kechadan beri ko‘pchilik "Eybar" haqida gapiryapti. Hatto bu jamoaga muxlislik qiluvchilar ham topilib qoldi.

Mana shu oddiygina klubning bosh murabbiyi Xose Luis Mendilibar. U o‘ziga xos murabbiy. Aytish mumkinki, "Eybar" uning qo‘l ostida ancha ochiq va tomoshabop o‘yin ko‘rsatyapti. Xo‘sh, 57 yoshli mutaxassis futbolni qanday ko‘radi? Keling, shu o‘rinda uning fikrlariga quloq tutsak.

"Agar mendan "Eybar"ning yutuqlari haqida gapirib berishimni so‘rashsa, yaxshisi jim turishni ma’qul ko‘raman. Chunki maqtanchoklik kun kelib ma’yuslikka aylanishi mumkin. Hayot baland-pastlardan iborat, bugun yuqorida bo‘lsangiz, ertaga pastga og‘ib ketishingiz hech gap emas. Shu bois doim ehtiyot bo‘lib gapirgan ma’qul".

"Menga maqtanishlarini yomon ko‘raman. Zero bu hech qachon xatolarni tuzatish uchun yordam bermaydi. Shu bois ketma-ket bir nechta o‘yinni yutsak ham eyforiyaga berilmayman. Axir qachondir yana mag‘lubiyatni totib ko‘raman-ku. Shuning uchun futbolchilarga maqtanmanglar deb aytaman".

"Hayotda makkor bo‘lish kerak emas. Men doim yaxshi inson bo‘lishga harakat qilganman, lekin bu doim ham foyda keltiravermaydi. Ishonchni sotib ololmaysan, ba’zan esa haqiqatgo‘y insonni ahmoqqa chiqarib qo‘yishadi. Futbolda ham shunday. Ba’zan siz noto‘g‘ri yiqilib ham penalti ishlab olasiz. Lekin bu mening uslubimga to‘g‘ri kelmaydi".

"Otam duradgor edi. Biz yaxshi yashardik, ehtiyojdan ortiqchasi kerakmasdi. Hozirgi zamonaviy hayotdan farqli o‘laroq bizga ko‘p narsa kerak bo‘lmagan. Televizorni juda kech olganmiz, oq-qora ko‘rsatardi, ko‘rsa bo‘ladigan ko‘rsatuvning o‘zi yo‘q edi. Shu bois men futbol tomosha qilish uchun barga borardim".

"Futbol o‘ynashni endi boshlaganimda hech vaqom bo‘lmagan. Men o‘z yo‘limni o‘zim topib olishim lozim edi. Premeroga chiqishga harakat qilayotgan "Sestao" tarkibida faqat kun o‘tishi uchun o‘ynardim. Kam pul topardim. Ammo sabr qilishga to‘g‘ri kelgan. Bizning paytlarda kiyim-bosh, o‘quv-qurollar avloddan avlodga o‘tardi. Men umuman boshqacha davrda yashaganman. Faqat bir juft butsam bo‘lardi. Yirtilsa tikib berishi uchun etikdo‘zga olib borardim. Hozirgi futbolchilarda bo‘lgani kabi 8-10ta butsam yo‘q edi".

"Pul osmondan tushmaydi, uni peshona teri bilan topish kerak. Men bolalarimga ham shunday tarbiya berganman. Ular katta bo‘lib ishlay boshlashdi. Baxtimga farzandlarimda hozir pul bilan bog‘liq muammo yo‘q. Men esa hamon ishlashda davom etyapman, chunki bu menga yoqadi. Men futbolsiz hech kimman. Hali ko‘p o‘rganishim kerak, shu bois nafaqaga chiqishga shoshmayapman. Turmush o‘rtog‘im ingliz tilidan dars beradi va u ham shoshilmayapti. Biz oilamiz bilan doim kelajakka umid bilan qaraymiz".

"Eybar"da eskicha futbolni saqlab qolishga harakat qildik, lekin bu oson bo‘lmadi, chunki futbol har kuni o‘zgaryapti. O‘zgarmagan yagona narsa bu - to‘p. To‘p haliyam yumaloq. Boshqa narsalar o‘zgargan. Esimda, bir paytlari o‘yinimizni yoritgani atigi bir nafar jurnalist kelardi. Hozir ularning soni nechta: 400ta, 500ta? Ko‘ryapsizmi, hayot naqadar o‘zgaryapti".

"Biz VAR bomba bo‘ladi deb o‘ylagandik, lekin unday bo‘lmadi. Qaror qabul qilish uchun ko‘p vaqt ketib qolyapti. Yevropa futboli ko‘proq amerikancha futbolga o‘xshab ketyapti. Hali ko‘rarsizlar, bir kun kelib murabbiylar bir o‘yinda 11 futbolchini almashtira olishadi".

"Meni deb jamoadan ketgan futbolchilar o‘zlarini yaxshi tutishgan. Men ulardan manzilim tomon birorta yomon so‘z eshitmaganman. Agar ular jamoada qolganida ham boshqalar bilan teng huquqli bo‘lardi. Men Bebe va Galvesga ochig‘ini aytdim. Yoel bilan esa boshqacha vaziyat yuzaga keldi. U yaxshi futbolchi, faqat asosiy tarkibda ko‘p tusha olmadi. Rahbariyat uni qo‘yib yuborishni istamadi, shu bois shartnomasini uzaytirdik".

"Yangi futbolchilar bilan shartnoma tuzib bo‘lgach, men ularning murabbiy qaroriga qanday munosabatda bo‘lishlariga e’tibor qarataman. Ular zarur paytda zaxirada o‘tirishga tayyormi? Agar yo‘q bo‘lsa biz bemalol xayrlashishimiz mumkin. Agar rahbariyat menga eng yaxshi uchta hujumchini sotib oldik desa, men biz bitta hujumchi bilan o‘ynaymiz, qolgan ikkitasining nima keragi bor deyman".

"Men bilan ishlagan eng yaxshi futbolchilardan biri bu yaponiyalik Takashi Inui. U mening uslubimni hammadan tiniq ko‘rardi. U jamoaga endi kelganida ispanchani bilmasdi. O‘tgan uch yil davomida o‘rganishga ko‘p intilmadi ham, biroq futbol tilini juda yaxshi tushunardi".

"Pep Gvardiola raqib jarima maydonchasi yaqinida to‘pni nazorat qilishni xush ko‘radi. Lekin men bunaqa o‘ynamayman. Mening uslubim shunday: to‘pni oldingmi, darhol vaziyat sodir etishga urin. Menga to‘pga 150 marta tegib o‘ynaladigan futbol kerak emas. Men undan ko‘ra tezroq hujum qilishni afzal bilaman".

"Men to‘p bilan muomala qilishni yoqtiruvchi jamoalarga qarshi o‘ynashni yoqtiraman. Chunki aynan shu jamoalar menga o‘z uslubimni ko‘rsatish imkonini beradi. Shunda biz pressing qo‘llaymiz va to‘pni tezroq olib qo‘yishga harakat qilamiz. To‘g‘risini aytaman, "Barsa"ni bu ro‘yxatga qo‘sha olmayman. Ammo to‘p bilan muomala qiladigan boshqa jamoalarni ko‘p marta yutganman".

"Ko‘pchilik qanotlarga e’tibor qaratmaydi, ammo men uchun qanotlardan unumli foydalanish juda muhim. Chunki ko‘p gollar qanotdan uzatib beriladigan to‘plar orqali yuzaga keladi. Himoyachilar ko‘pincha e’tiborni raqib o‘yinchisiga emas, balki to‘pga qaratishadi. Markaziy himoyachi raqibning birinchi qadamiga qaraydi, keyingisiga e’tibor bermaydi. Men har doim himoyachilarga shunday deyman: maydonda qimirlamaydigan yagona narsa bu - darvoza. Shunday ekan, himoyachi har bir qimirlaydigan jismga e’tibor berishi shart: to‘p, o‘zining jamoadoshlari, raqib futbolchilari".

"Sun’iy maydonlar paydo bo‘lgach futbol butkul o‘zgardi. Hozir bolalar va o‘smirlar maktablarida bosh bilan o‘ynashni o‘rgatmay qo‘yishgan. Uzoq masofaga to‘p uzatishlar ham kamayib ketdi. Hozir hamma to‘pni o‘zida ushlashga harakat qilyapti. Bugungi kunda biz faqat hujum haqida gapiradigan bo‘lib qoldik. Hech qaysi futbolchi to‘pni o‘zida ikki daqiqadan ko‘p ushlab tura olmaydi. Sharhlovchilar o‘yin payti himoya ham futbolda muhim ahamiyat kasb etishini aytib ketishsa yaxshi bo‘lardi".

"Mening 100ta g‘alabaga erishishim uchun 300dan ko‘p o‘yin o‘tkazishimga to‘g‘ri keldi. Modomiki menda mag‘lubiyat va duranglar ko‘p ekan, demak yomon murabbiyman. Murabbiylikni boshlab olgach davom ettirib ketish oson emas. Seni bir pasda keraksizga chiqarib qo‘yishlari mumkin. Men Ispaniyada faqat Premerodan tashqari boshqa hamma professional divizionda zafar quchganman".

"To‘g‘risi, juda irimchi murabbiyman. Agar jamoam g‘alaba qozonsa o‘yindan oldin nima ish qilgan bo‘lsam, yana shuni takrorlayman. Masalan, mashinamni faqat o‘sha joyda qoldiraman, kiyimimni ham o‘zgartirmayman. Menimcha, har bir inson nimagadir irim qiladi".

"O‘ylaymanki, o‘limdan keyin nimadir bor. Siz 70 yo 80 yil yashab shunchaki o‘lib ketishingiz mumkin emas. Nima borligini bilmayman, ammo nimadir bor. "Gullar" filmida shunday deydi: "Inson toki uni xotiradan o‘chirib tashlashmaguncha mangu yashaydi".
Ruschadan X.Xoliqov tarjimasi.
Manba: zamin.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Sport yangiliklari | Просмотров: 618 | Добавил: MASSARI | Теги: Real Madrid, Eybar | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]