наверх
Главная » Новости » Munajjimlar bashorati
05:42
Munajjimlar bashorati: 5 sentyabr kuni yulduzlar Sizga nimalarni vaʼda qilmoqda?

QOʻY (21. 03 — 20. 04)

Yulduzlar bugun foyda keltiradigan ishlardan yuz burmasligingizni maslahat berishmoqda. Aksincha, bu ishlarga yanada ijodiyroq yondashsangiz, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi. Oilasiz yigitlar, erkaklar yaqindagina oʻziga yoqqan qarama-qarshi jins vakilasi bilan tanishgan boʻlsa, koʻngil izhori uchun shoshilmay turganlari maʼqul. Ikki qalb avval bir-birini chuqur oʻrgansa, foydadan xoli boʻlmaydi.

BUZOQ (21. 04 — 21. 05)

5 sentyabrda nafaqat salomatlikka, balki pul masalasiga ham tejamkorona, ehtiyotkorona munosabatda boʻling. Agar kun davomida munosabatingizdan bahor nafasi ufurib tursa, barcha ishlaringiz baroridan kelishi tayin. Qimmatbaho buyumlar xarid qilishni boshqa kunga qoldirganingiz maʼqul. Bugungi daromad bilan inqirozga yuz tutishingiz mumkin. Muhabbatda emotsiyangizni nazorat qiling. U sizga pand berib qoʻyishi mumkin.

EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)

Yulduzlar bugun boshingizdan oʻtadigan barcha yaxshi-yomon vaziyatlarni sokin qabul qilishingizni maslahat berishadi. Garchi baʼzi vaziyatlar ensangizni qotirsa-da, emotsiyani jilovda tuta biling. Azaldan taqdirning ajoyib sovgʻasini orzulaganlarning orzusi bugun haqiqatga aylanishi mumkin. Oilasizlarning ayrimlari kunning ikkinchi yarmida boʻlgʻusi juftini uchratib, tanishishlari ehtimolga yaqin. Kechqurun sizga qoʻshimcha daromad keltiruvchi ish taklif etishlari kutiladi.

QISQICHBAQA (22. 06 — 23. 07)

5 sentyabr kuni oʻta yuzsiz kimsalarga roʻbaroʻ boʻlishdan saqlaning. Ular koʻzingizni loʻq qilib sizga tegishli rizqqa koʻz olaytirishlari mumkin. Siz ularni boqishga vaʼda bermagansiz-ku! Moliyaviy muammolar oʻrtacha tarzda ijobiy hal boʻlishi mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, pulsiz qolmaysiz. Bugun tabiat qoʻynida dam olish va tashqi koʻrinishga eʼtibor qaratish bilan bogʻliq amallar muvaffaqiyatli va yoqimli kechadi.

ARSLON (24. 07 — 23. 08)

Yulduzlar bugun arslon burji vakillariga muhabbatda asabiy lahzalarni vaʼda qilishmoqda. He yoʻq, be yoʻq, tanlaganingiz yoki juftingiz bilan arzimagan sabab tufayli janjallashib qolishingiz kutiladi. Asabni nazoratga olmasangiz, bunday janjallar fojiali yakun topishi ham hech gap emas. Moliyaviy masalada albatta muvaffaqiyat qozonasiz. Lekin bu haqda eng yaqin insoningizdan boshqa hech kim bilmasligi kerak. Tejamkor boʻling.

PARIZOD (24. 08 — 23. 09)
5 sentyabr parizod burji ostida tavalud topganlar uchun yengil kechmaydi. Kun davomida koʻp marotaba oʻta chigal vaziyatlardan silliqchasiga chiqib ketishingiz talab etiladi. Shuning uchun boʻlsa kerakki, kechqurunga borib vujudingizda kuchli charchoq hissini tuya boshlaysiz. Oilasizlar muhabbatda zafar quchishadi. Izlagan, kutgan insonini topishadi. Kechqurun kissangiz pulga toʻladi. Bundan tashqari, uydagilardan kimdir sizga kutilmagan sovgʻa ham taqdim etishi mumkin.

TAROZI (24. 09 — 23. 10)

Bugun nafaqat atrofdagilarning sizga nisbatan munosabatini kuzating, balki oʻzingizni ham idora etishga harakat qiling. Aks holda koʻngilsizliklarga duch kelishingiz mumkin. Moliyaviy masalada kuningiz tugʻadi. Ish joyingizda oʻtgan haftada amalga oshirgan ishingiz uchun mukofot berishlari kutiladi. Qalbingizni ham bir meʼyorda tutib tura olsangiz, muhabbatda omadingiz chopishi aniq.

CHAYON (24. 10 — 22. 11)

5 sentyabrda sizning hisobingizdan ish bitirishga harakat qilganlarni ranjitadigan boʻlib turibsiz. Siz ularning bad niyatlarini yoʻqqa chiqarasiz. Ammo bu muvaffaqiyatdan ruhlanib ham ketmang. Vaziyat istalgan vaqtda yana qarama-qarshi tarafga oʻzgarib qolishi hech gap emas. Juftingizni yoki boʻlgʻusi juftingizni rashk qilishdan tiyiling. Bu munosabatlar sovuqlasha borishiga sababchi boʻladi xolos.

OʻQOTAR (23. 11 — 21. 12)

Ezgu maqsadlar sari yoʻlga otlandingiz. Bu yoʻlda faqat reallikka suyangan holda ish koʻring. Bilingki, reallik yoʻq joyda albatta yolgʻon hukm suradi. Yolgʻon esa odamni jarlik tomon yetaklaydi. Bugun ishxonangizda kech xuftongacha qolib ketishingiz mumkin. Demak, kechqurunga moʻljallangan koʻngilochar tadbirlarni boshqa kunga qoldirishingizga toʻgʻri keladi. Moddiy ahvolingiz bugun yaxshilanadigan holatda emas. Shuning uchun xarid masalasini toʻxtating.

TOGʻ ECHKISI (22. 12 — 20. 01)

5 sentyabrda birinchi boʻlib ilgari ishda yoʻl qoʻygan xatolarni yodga oling. Ayniqsa, bugun katta ish boshlash arafasida boʻlsangiz, xatolar takrorlanishi kerak emas. Kun davomida barcha tadbirlarda faol ishtirok eting. Ayniqsa, moliyaviy yoʻnalishdagi tadbirlarni oʻtkazib yubormang. Kechqurun immunitetni koʻtaruvchi muolajalarni boshlasangiz ham ziyon qilmaydi. Toza havo sayrini unutmang.

QOVGʻA (21. 01 — 19. 02)

Yaqin insonlar bilan munosabatlarni yanada yaxshilash harakatida boʻling. Bugun mavqeni oshirishga xizmat qiluvchi imkoniyatlaringiz deyarli koʻzga tashlanmaydi. Moliyaviy muammolar sizning foydangizga hal boʻlishi mumkin. Lekin xarid masalasida tejamkorlikka eʼtibor qarating. Bugun surunkali xastaliklarni davolash, salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan amallar xayrli kechadi. Kechqurun ovqatlanish rejimini yana bir karra yodga oling.

BALIQ (20. 02 — 20. 03)

5 sentyabr kuni boshqacharoq aytganda, kun boʻyi jangovar holatda boʻlishingiz talab etiladi. Bu sizga ilgari yechimini topmagan va bugun paydo boʻladigan muammolarni bartaraf etishda katta yordam beradi. Shaxsiy hayotingizda ham sezilarli oʻzgarishlar koʻzga tashlanadi. Juftingiz bilan munosabatlar qay yoʻnalishga qarab harakatlanishi oʻzingizga bogʻliq. Serqatnov yoʻllarda ehtiyot boʻling. Xizmat safariga otlanish zarurati tugʻilsa, bosh tortmang.
Manba: hordiq.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Munajjimlar bashorati | Просмотров: 491 | Добавил: MASSARI | Теги: Munajjimlar bashorati | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]