Olov-Olov turk serial

Музыка по альфавиту: A | B | C | D | E | F | G | H | I | J | K | L | M | N | O | P | Q | R | S | T | U | V | X | Y | Z | 0-9

0

Nomahram... (1-qism)

Автор: MASSARIкатегория: Xikoyalar / Mutolaaдата: 20.01.2021
— Armonda qoʻyib ketgan enam-a, enam!.

Matnazarlarning koʻrimsizgina, koʻcha tarafi kesak devor bilan oʻralgan hovlisi naq qiyomatni eslatadi.

Oʻrtaga soʻri qoʻyilib, toʻrtta uy tushgan tomon choyshab bilan oʻralgan. Choyshablar ortida xotin-xalaj baland ovozda yigʻi-sigʻi qilar, ayniqsa, koʻchadan birorta ayol kirib kelsa, yigʻi tovushlari yanada avjlanib, butun mahallani tutardi.

— Voy, enajonimdan ayrilib qoldi-im! gʻaflatda tashlab ketgan enam-a, enam! — Bu tovush Matnazarniki edi. U ogʻir gavdasini xiyol eggan koʻyi qoʻlidagi hassani yerga urib-urib yigʻlardi. — Bolalarini qiyomatga tashlab ketgan enam-a, enam!.

Shu tobda uning oyoqlari ostida besh yashar yolgʻiz ukasi Mardon paydo boʻldi. Uning ham koʻzlaridan shashqator yosh oqar, lablari titrab-titrab ketardi.

— Ha, ukajon, sen nega yigʻlayapsan? — Matnazar aza tutishdan toʻxtab Mardonni qoʻliga oldi. — Qoʻy, hech boʻlmasa sen yigʻlamagin!

— Bandalik ekan, uka! — sal narida tobut tepasida turgan mahalla oqsoqoli Haydar aka ularning holatini koʻrgach, toqat qilolmay Matnazarga yaqin bordi. — Chidaysizlar-da, endi! Oʻlim hammamizning boshimizda bor. Lekin enang rahmatli juda yosh ketdi-da! Qirq besh yosh-a, qirq besh yosh! Sizlarning toʻylaringni, orzu-havaslaringni koʻrolmay ketgani chatoq boʻldi-da! Bardam boʻl, uka, bardam boʻl!.

Bu gaplar Matnazarning koʻnglini battar boʻshatib yubordi. U endi ukasini mahkam bagʻriga bosgancha hech soʻz demasdan oʻksib-oʻksib yigʻlar, Mardon ham ora-sirada unga joʻr boʻlardi.

* * *
Kunlar ketidan kunlar oʻtib Matnazar onaning birinchi hayitini ham oʻtkazib oldi. Yaxshiyamki, avtobus haydarkan. Bir haftadan keyinoq ishga chiqib ozmi-koʻpmi pul toʻpladi. Harqalay, birovdan qarz koʻtarmay barcha marosimlarni oʻtkazdi.

Ammo uni Mardon anchagina qiynab qoʻygandi. Hali yosh emasmi, baʼzan enasini qoʻmsab yarim kechalari oʻrnidan turib dod soladi. Matnazar qancha ovutmasin, sira tinchlanmaydi. Ishdan horib-tolib kelganiga qaramay, baʼzi vaqtlarda erta tonggacha hovlida uni koʻtarib tunni oʻtkazadi.

— Oʻgʻlim, qiynalib ketding, — dedi bir kuni oqsoqol uning bola koʻtarib ishdan qaytayotganini koʻrgach. — Qarindoshlaringam bor boʻlsin. Bittasi kelib, “kel, shu bolani biz katta qilib beraylik”, deyishga yaramadi-ya!

— Nimayam qilardim, oqsoqol! — yerga boqdi Matnazar. — Peshanamga shu kunlar yozilgan ekan. Enamning rak boʻlganini sezmay qolganim alam qiladi. Sezganimda balki doʻxtir-poʻxtirga koʻrsatib davosini qilarmidim.

— Bu kasalga davo yoʻq, uka. Baribir olib ketardi. Faqat yosh ketdi rahmatli. Endi menga qara, bir maslahatli gap bor. Yur, yaxshisi, senikiga kiraylik, oʻsha yerda gaplashamiz!

Matnazar oqsoqolni hovliga boshladi. Haydar aka bu hovliga anchadan beri kirmagandi. Hovlining toʻzib ketganini, ayvon shiftlarigacha oʻrgimchak uya bosganini koʻrib norozi bosh chayqab qoʻydi.

— Mana, yoshingam, adashmasam, yigirma beshga qarab ketdi, — shoshilmasdan gap boshladi Haydar aka soʻrining bir chetiga omonatgina choʻkib. — Xudoga shukr, bir ishning egasisan. Endi… Nima desam ekan… Enang rahmatliniyam hayitini oʻtkazib olding. Erkak kishiga yoʻl bor.

— Nimaga yoʻl bor?

— Nimaga boʻlardi? Sen uylanishing kerak, uka! Manavi Mardonboyga qaraydigan bir ayol kishi boʻlmasa, ogʻir boʻladi senga. Oʻzing oʻyla, qachongacha buni avtobusda, shaharma-shahar olib yurasan? Hademay maktabga qatnaydi. Oʻshanda nima qilasan? Qolaversa, oʻgʻil bolaga ona kerak. Busiz boʻlmaydi.

— Aka, qoʻysangiz-chi, bu gaplarni! Hali enamning goʻri sovimay turib toʻy qilamanmi bu hovlida?

— Ie, aza bilan toʻy doim yonma-yon yurgan. Senlar qayerdan bilarding bu gaplarni? Hech boʻlmasa, manovi goʻdakni oʻylasang-chi!

— Oqsoqol, axir, qaysi kelin goʻdak qayniga onalik qilardi?

— Qiladigani topiladi. Agar sen rozi boʻlsang, oʻzim bittasini moʻljallab qoʻyganman. Toʻydan xijolat boʻlma! Mahalla birgalashib, amallab oʻtkazamiz.

— Bilmadim, — teskari oʻgirildi Matnazar. — Negadir…

— Negadiringni yigʻishtir! Biz senga yomonlikni ravo koʻrmaymiz. Boʻldi, tamom, ertaga ishingni yigʻishtirib turasan. Kelin bilan avval uchrashgin. Ana undan keyin ota-onasini koʻndirib kelish menga tan!

Matnazar hech narsa demadi. Toʻgʻri, u ham yigit, uylanish haqida avvallari oʻylab koʻrgan. Oʻzicha mahalladagi baʼzi qizlarni koʻz ostiga ham olib edi. Faqat har gal boʻyining novchaligi-yu, oʻrtoqlariga oʻxshab toʻlagina, kelishgan, kiygan kiyimlari yarashib qolavermasligi uni tashvishga solar, qay qizga koʻz tashlasa, darrov oʻzini uning yoniga xayolan qoʻyib koʻrardi-yu, “bor-e” deganicha qoʻl siltab ketaverardi.

* * *
Matnazarning yangi kiyimlari ham yoʻq edi. Ishga kiyadiganlarini kechqurun yaxshilab yuvib quritdi. Oʻzi ham yuvinib, tayyor boʻldi.

Ertalab ukasi Mardonni olib oqsoqol hamrohligida kelin bilan uchrashish uchun yoʻlga tushishdi.

Kelin boʻlmish ikki qishloq narida turarkan.

— Otasi doʻkondor, — yoʻl-yoʻlakay uqtirib bordi Haydar oqsoqol. — Agar mahkam ushlasang, yeganing oldingda, yemaganing ketingda boʻladi. Ukang ham kamlik koʻrmay oʻsadi. Harqalay, oʻlik koʻmgansan. Qoʻling yupqa.

Haydar oqsoqol hammasini oldindan puxtalashtirib qoʻygan ekanmi, soʻnggi mahallani oralab oʻtib koʻk darvozaga yetishgach, taqqa toʻxtadi.

— Mana shu uyda uchrashasan, — dedi Matnazarga. — Faqat qovun tushirib qoʻyma. Muloyim boʻl, shirin gaplar bilan kelinning koʻngliga yoʻl top!

— Boʻpti, — kulimsirab qoʻydi Matnazar ukasini yelkasidan tushirarkan. — Yosh bola emasman-ku!

Shundan soʻng oqsoqol Matnazar va ukasini ichkariga olib kirib soʻriga oʻtqazdi-yu, oʻzi koʻchaga qaytdi.

Hovli boʻm-boʻsh edi. Faqat tovuqlargina uyoqdan-buyoqqa chopib yurishardi.

“Ishqilib, ishim oʻngidan kelsin-da”, — oʻylardi Matnazar kiriboq oʻyinga mahtal boʻla boshlagan ukasiga achinish bilan tikilarkan. — Meni-ku mayli, ukaginamning boshini silasaydi. Ishdan kelishimda uyim saranjom-sarishta, kiyimlarim toza boʻlsa, menga shuning oʻzi yetadi.

Qancha oʻtirdi, bilmaydi. Bir mahal darvoza ochilib, kimningdir hovliga qadam qoʻygani eshitildi.

Matnazar beixtiyor oʻrnidan turib uyoq-buyogʻini toʻgʻrilagan boʻldi-da, sekin darvozaxona tomon yurdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, ostonada bir qoʻli osilib tushgan, ikki oyogʻi ikki tomonga qarab qiyshayib, yuzlarini qandaydir toshmalar bosgan, yigirma yoshlar oraligʻidagi bir qiz devorga suyanib turardi.

Qiz Matnazarga koʻzi tushgani hamono sekin yerga boqdi.

“Nahotki, oqsoqol aytgan kelin shu boʻlsa? — deya xayol qilardi Matnazar roʻparasidagi choʻloq qizni koʻzdan kechirish asnosida. — Koʻzday qoʻshni, mahallaning kattasi boʻla turib nega meni aldadi? Endi bir kamim choʻloqning ketidan yugurish boʻladimi?..”

Matnazar birpas qizni kuzatib turdi-da, kelib darvozani ochdi.

— Oʻzim ham sezgandim, — kutilmaganda soʻz qotdi qiz yerdan koʻzini uzmay. — Ammo uyimdagilar qoʻyishmadi.

Matnazar taqqa toʻxtab, qiz tomon oʻgirildi. Uning koʻzlari yoshlanib, lablari titray boshlagandi. Shu tobda qizga achinib ketdi. Tosh qotgan koʻyi uning soʻzlarini tinglashda davom etdi.

— Men choʻloqman, — yigʻi aralash soʻzlanardi qiz. — Shunday tugʻilgan boʻlsam, nima qilay? Lekin menam baxtli boʻlishni istayman. Farzand koʻrishni, bolalarimni erkalashni istayman.

— Men sizni tushunolmadim, — dedi Matnazar qizga yaqinroq borib. — Nega bu gaplarni menga gapiryapsiz? Hali sizga biror ogʻiz soʻz aytmadim-ku!

— Aytmasangiz ham, koʻz qarashlaringizdan sezdim. Hozir chiqib Haydar akani urishmoqchiydingiz. Mayli, chiqavering, yoqmagan boʻlsam. Oʻzi kimga yoqibmanki, endi sizning koʻnglingizga oʻtirsam?

Matnazar indamadi. Nima desin? Umrida choʻloq qizlarga roʻbaroʻ boʻlmagan. Boyagina koʻnglidan kechirgan gaplar tutunday tarqab, endi qizga nisbatan koʻnglida allaqanday mehrni, shu qatorda achinish hissini tuydi.

“Bu qiz men oʻylaganchalik yomon emas shekilli, — dedi oʻziga-oʻzi qizdan koʻzini uzmay. — Yuragi toʻla dard ekan. Bunday qizlar oqila, uyim-joyim deydigan boʻlishadi. Ana, kelishgan, sogʻlariniyam koʻryapmiz koʻchada. Bu qiz haqiqiy menbopga oʻxshaydi. Choʻloq boʻlsa nima qipti? Xudodan-ku! Roʻzgʻor ishlarida biroz qiynalsa, oʻzim yordam berarman”.

— Ismingiz nima? — oʻrtadagi jimlikni buzdi Matnazar.

— Hamida.

— Menikini bilsangiz kerak-a?

— Bilaman. Ukangiznikiniyam bilaman.

— Unda siz shu yerda oʻtira turing, men hozir kelaman.

Oradan hech qancha oʻtmay, Matnazar hovliga qaytib kirdi. Hozir Hamida ukamni yoniga olib astoydil gaplashayotgan boʻlsa kerak, tanishib olishgandir, deb xayol qilgandi. Biroq ostona hatlab ichkariga kirganda, Mardon hamon tovuqlar ortidan quvlab oʻynar, Hamida esa, ketayotganda qanday oʻtirgan boʻlsa, shu taxlit oʻtirardi…

* * *
Toʻpolon bilan toʻy ham oʻtdi. Oqsoqol vaʼda qilganidek, toʻyni Hamidaning otasi oʻz yonidan qilib berdi. Qoʻshni ayollar hamma yoqni tozalab, hovlini odam koʻrsa boʻladigan qilib berishdi.

— Men bugun ishdan kechroq qaytaman, — dedi katta-kichik marosimlar oʻtib yolgʻiz qolishgach Matnazar. — Hovlini yana bir supur-sidir qilib qoʻyarsiz. Mardon och qolib ketmasin tagʻin. Biror ovqat qilib ichiring!

Shunday dedi-yu, ishga yoʻl oldi.

Qaytib kelganda Mardon tomorqadan urina-surina oʻtin tashir, Hamida oʻchoqboshida astoydil oʻtirib olgancha bolakay sudrab kelgan oʻtinlarni oʻchoqqa tiqish bilan band edi.

— Bu nimasi, Hamida? — yugurib kelib ukasini qoʻliga oldi Matnazar. — Nega goʻdakka oʻtin tashityapsiz? Qarang, hammayogʻi kir-chir! Yuvintirib qoʻymadingizmi?

Hamida oʻtirgan yerida yalt etib Matnazarga qaradi:

— Halitdan menga buyruq bera boshladingizmi?

— Nima? Axir… Bu mening jigarim, shundan boʻlak yaqinim yoʻq.

— Ukangizni yuvintira olmayman. Chunki, men choʻloqman. Oyogʻimni zoʻrgʻa sudrayman-u…

— Xotinlikka yarayapsan-ku, ahmoq! — toʻsatdan baqirib yubordi Matnazar. — Toʻyimizga hademay bir oy boʻladi. Mayli, mayli, deb uncha-muncha ishni oʻzim bajarib kelyapman.

— Ovqat qilganingizni pesh qilyapsizmi? Qilgan boʻlsangiz, dadamning pullariga kelgan masalliqlarni pishir-kuydir qildingiz. Men sizga boshida aytdim-ku, choʻloqman, ogʻir ishga yaramayman, deb!

Matnazar nima deyishni bilmasdi. Urishib tashlay desa, qingʻir-qiyshiq oyoq-qoʻllariga boqib rahmi keladi. Qolaversa, toʻyiga bir oy boʻlmay janjal chiqaribdi, deguvchilardan istihola qiladi.

Indamasdan ichkariga kirdi-da, Mardonga oʻzi olib kelgan somsalarni yedira boshladi.

Bolakay ertalabdan och ekanmi, ikkita somsani koʻrdim demay paqqos tushirdi. Bundan bildiki, Hamida Mardonga umuman qaramagan.

— Hali shoshmay tur! — dedi ovoz chiqarib. — Burningdan sim oʻtkazib ishlataman seni! Mening ukamga qaramayapsanmi, adabingni beraman.

Jahl otiga mingan Matnazar dast oʻrnidan turib hovliga chiqdi. Hamon olov yoqolmay tutun haydash bilan ovora boʻlib oʻtirgan Hamidaning tepasiga borib oʻchoqni tepib yubordi…

* * *
Umr oʻtib borardi. Matnazar Hamida bilan sakkiz oy yashab qoʻydi. Shu orada uyning bir oʻzi yashagan vaqtdagidan ham battar ifloslanib, idish-tovoqning yuviqsiz, pashsha bosib qolib ketishiga koʻnikdi.

Onasidan taʼlim olmagan uquvsiz xotinni qancha javrab tergamasin, uydagi deyarli barcha yumushlarni ishdan keyin oʻzi bajaradigan boʻldi. Hamida, hatto tugma qadashni bilmasdi. Uning igna ushlashiga qarab asabiylashmaslik uchun bu yumushniyam oʻz boʻyniga oldi.

Shartta ajrashib ketishga esa endi kech edi. Hamida homilador boʻlib qolgan, oy-kuni yaqinlashgani sayin tashqariga kamroq chiqadigan boʻlgan, kun boʻyi kitob oʻqib vaqt oʻtkazishga odatlangandi.

— Jonimdan toʻyib ketdim, aka, — dedi kunlarning birida masjiddan qaytayotgan Haydar oqsoqolning yoʻlini toʻsib. — Kimni menga roʻpara qilgansiz oʻzi-a?

— Haddingdan oshma, bola! — qoʻlini paxsa qilib doʻq urdi oqsoqol. — Senga mahalla yomonlikni ravo koʻrarmidi?! Xotinli boʻlding, ishdan kelishingga chirogʻing yonib turadi. Kutib oladiganing bor. Yana nimaga noliysan?

— Axir, bu xotin hech narsani bilmas ekan! Epi boʻlmasa nima qilay? Na ovqat pishiradi, na yolchitib kir yuvadi. Hovlini-ku, oʻzim tozalab turmasam, tashlandiq makondan farqi qolmasdi.

— Sen oʻylaysanki, qizlarning hammasiyam tap-tayyor boʻlib borarmidi ernikiga? Roʻzgʻor boshiga tushgandan keyin unisi-bunisiga qarab sekin oʻrganadi-da! Namuncha oshiqavermasang? Sabrli boʻlishi kerak odam degani.

— Aka, nega ishonmaysiz? Nonniyam shu kelgandan beri novvoydan sotib opkeladigan boʻlganman.

— Boʻldi, bas qil! Non boʻlsa, bir gap qilarmiz. Kelinimga aytaman, ertaga non yopib beradi. Senam tushungin, yarim jon boʻlsa! Bundaylarning boshini silasang-chi, uka, kam boʻlmaysan. Ikki dunyoing jannat boʻladi. Bor, uyingga kir, kech boʻp qoldi!
DAVOMI BOR...

Теги: Nomahram, Mutolaa

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]