наверх
Главная » Новости » Turmush chorraxalarida
22:23
O‘ziga hukm o‘qigan kelin...

Yozning jazirama kunlari. Soat millari tobora yugurgilayotgani, vaqt esa allamahal bo‘lganiga qaramay, Ulug‘bekdan hamon darak yo‘q edi. Marjona qizlarini uxlatib, barcha yumushlarni tugatdi hamki, darvoza ochilib, ostonada Ulug‘bek ko‘rindi.
— Assalomu alaykum! Buncha hayalladingiz? — eriga peshvoz chiqdi Marjona.
— Rosa charchadim. Bugun choyxonam bor edi, bolalar qo‘yishmadi, — dedi Ulug‘bek kostyumini xotinining qo‘liga tutqazarkan. — Oyim qani?
— Uxlab qoldi oyim.
Er-xotin u yoq-bu yoqdan birpas gaplashgan bo‘lishsa-da, ammo charchoq, baribir, o‘z kuchini ko‘rsatib, Ulug‘bekning ko‘zlari yumildi. Tun yarmida Ulug‘bek qo‘rqinchli tush ta’siridanmi yoki alahsiradimi, xullas, baqirgancha uyg‘onib ketdi.
— Marjona, suv olib kel! — dedi Ulug‘bek ko‘ksiga tuf-tuflab qo‘ygandan so‘ng.
Biroq xotinidan javob bo‘lmadi.
— Marjona, turaqol, senga aytyapman!
Tag‘in javob bo‘lmagach, yonboshiga egilib, ko‘rpani ko‘tardi. Ammo Marjona o‘rnida yo‘q edi. Ulug‘bek uni oshxonaga chiqqandir, deb xayol qildi va boshqalarni uyg‘otib yubormaslik uchun o‘zi oshxona tomonga o‘tdi. Biroq oshxonada ham xotini yo‘q edi. So‘ng u bolalarning xonasiga bordi. Yo‘q, bolalari pishillagancha uxlab yotishardi. Dastlab Ulug‘bek hayron bo‘ldi. Keyin hammayoqni aylanib chiqib ham xotinini topolmagach, ko‘nglini vahima, xavotir, g‘ulg‘ula egalladi.
Axiyri onasining xonasini taqillatishdan boshqa chorasi qolmadi.
— Oyi… oyi…
— Ha, bolam! Nima gap? Tinchlikmi?! — xavotir aralash so‘radi ichkaridan boshiga ro‘molini ilib chiqayotgan onasi xavotirlanib. — O‘takamni yoray deding-ku, vahimang qursin!
— Marjona yo‘q!
— Nega yo‘q bo‘ladi? Hammayoqni qaradingmi?
— Qaradim. Yo‘q, oyi, yo‘q-da…
— Voy o‘lmasam! — deya sho‘rlik onaning ham hayrati vahima bilan qorishdi. — Qayerda bo‘lishi mumkin? Shoshmasdan hammayoqni qara. Xayol yoki charchoq bilan biror yoqda uxlab qolgandir.
Shu payt og‘ilxonadan sigirlarning mo‘ragani eshitildi-yu, Ulug‘bek onasiga o‘girildi.
— Balki, molxonadadir. Sigirlarni sog‘ishga o‘tdimikin?
— Soat uch bo‘ldi. Marjona sigirlarni beshlarda sog‘ardi.
Ulug‘bek onasining izohiga ham qaramay, og‘ilxonaga qarab yurdi.
Ulug‘bekning baqirishidan Mastona aya cho‘chib tushdi va oyog‘ini qo‘lga olgancha og‘ilxonaga yugurdi. Eshikka suyanib qolgan o‘g‘lining yelkasi osha kelinini ko‘rdi-yu, turgan joyida haykaldek qotdi.
Marhumani peshinga chiqarishdi. Janozaga yig‘ilgan tumonat odamning bari yoqasini ushlagan, hamma hayron edi. To‘g‘ri-da, o‘zini eng baxtli insonlardan sanaydigan ayol o‘z joniga qasd qilib o‘tirsa, kim ham ajablanmasin?
Marjonaning onasi Nafisa ayaning yig‘isi olamni larzaga keltirdi.
— Bolam, jonim bolam! Gulday qizlaringni, ota-onangni kimga tashlab ketding, jonim bolam?!
Marjonani olib chiqib ketishayotganida Nafisa aya judolikni ko‘tarolmay hushidan ketib yiqildi. Uni tezda shifoxonaga olib ketishdi.
* * *
Marjonani tuproqqa qo‘yib, rasm-rusumlar ado etilgach, yig‘ilganlar qabristonni birin-ketin tark eta boshladi. Faqat Ulug‘bekkina ketishni xayoliga ham keltirmas, yerga muk tushgancha xotinining qabriga termilib, unsiz yig‘lardi. Xayolida «Nega? Nima uchun?!» degan savollar g‘ujg‘on o‘ynar, ammo javob yo‘q edi. Og‘aynilari uni zo‘rg‘a uyiga olib kelishdi.
— O‘g‘lim, bir piyola choy ichib olasanmi? — ostonada turib hayiqqancha so‘radi onasi.
— Oyi, nega bunday bo‘ldi, nimaga?! — yig‘lamsiradi Ulug‘bek ichkarida xotinining suratiga tikilib o‘tirgancha.
Shundog‘am yuragi tilka-pora ona o‘g‘lining savoliga javob berolmay, ro‘molining uchiga ko‘z yoshlarini artgancha ortiga qaytdi. O‘sha oqshom Ulug‘bekning ko‘ziga uyqu kelmadi. Achchiq ko‘z yoshlar-u, alamli dardi bilan tongni qarshi oldi.
Ertasiga tag‘in odamlar yig‘ildi. Ulug‘bek eshik oldida turgancha kelib-ketganlarni qarshi olayotgan bo‘lsa-da, ammo xayoli olislarda, miq etgan tovushi ham chiqmasdi. Shu tob Marjonaning ukasi Aziz pochchasining oldiga keldi.
— Oyim yaxshimi? — deb so‘radi Ulug‘bek qaynukasidan.
— Hozir biroz yaxshi. Yuragi ko‘tarolmagan ekan. Jonlantirish bo‘limida yotibdi.
— Alloh shifo bersin!
— Pochcha, nimaga bunday bo‘ldi-a? Biron narsa deng, nima deb o‘ylaysiz? Har qalay, opam hayotidan mamnun edi. Oilalaringiz havas qilgudek edi, pochcha!
— Koshkiydi menda javob bo‘lsa, uka, koshkiydi. Javob axtarib aqldan ozay deyapman-ku.
* * *
Marosimlar o‘tdi. Bu orada Ulug‘bek va Mastona aya shifoxonaga borib, Nafisa ayaning holidan xabar olib kelishdi. Sho‘rlik Nafisa aya faqat bir nuqtaga tikilib yotar, na gapira olar va na bir luqma ovqat o‘tardi tomog‘idan.
Mastona aya shifoxonadan kela solib ovqatga, uy ishlariga unnadi. Ulug‘bek tag‘in o‘z xonasiga qamalib, xotinining suratiga termilgancha u bilan g‘oyibona suhbatlasha boshladi. Shu alfozda qancha o‘tirganini o‘zi ham sezmagan.
Ulug‘bek.Onasining xitobidan o‘ziga keldi.
— O‘zingni asra, bolajonim…
— Nima qilay, ona? Nega, nimaga degan savollar istasam-istamasam tinchlik bermayapti. Ich-etimni yeb boryapti, axir.
— Bilaman, bolam, bilaman. Sho‘rlik…
Mastona aya u yog‘ini gapirolmadi. Tag‘in hiqillashga tushdi.
— Esingizdami, ona, — dedi Ulug‘bek xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek deyarli pichirlab, — Marjonaning yangi kelin bo‘lib tushgan kezlari. Farosatligina, donogina derdingiz. O‘zi yosh bolaga o‘xshardi.
— Ha, lekin chaqqongina, ham pazanda, ham qo‘li gul tikuvchi edi. Xudoyim uning sabrini ko‘p sinadi. Besh yil farzand bermagan bo‘lsa, keyinchalik homilasi nobud bo‘ldi. Sakkiz yil, sakkiz yil deganda ona bo‘ldi sho‘rlik. Xudoyim uning qiynoqlariga malham qilibmi, egizaklar bilan siyladi. Ozmuncha qiynalmadi. Ular tug‘ilganida biram xursand ediki… Endi bo‘lsa, bolalari hali uch yoshga to‘lmasdan gul yetim bo‘lib qolishdi…
Mastona aya gapirayotib yig‘lar, o‘zini qo‘lga ololmayotgandi. Ulug‘bekning ko‘z o‘ngidan esa onasi gapirgani sari o‘sha voqealar jonlanardi.
Ularning suhbatini Nargizaning ovozi buzdi:
— Oyi? Aka? Qayerdasizlar?
— Ha, bolam, nima bo‘ldi? — o‘rnidan turib qiziga peshvoz chiqdi ona.
— Quda xolam olamdan o‘tibdi, — dedi Nargiza yer chizib. — Yuragi dosh berolmabdi.
— Voy, sho‘rim!
* * *
Oradan to‘rt oy o‘tdi. Marhumaning bolalariga qaynsinglisi Nargiza bilan Mastona aya qarashar, Ulug‘bek esa xonasiga qamalib oladigan odat chiqargandi. Uning ruhiy holati onasini iztirobga solardi. Ulug‘bek hatto ishga ham chiqmay qo‘ygandi…
Hammayoqqa nur taratib quyosh ham chiqib keldi. Hozirgina mol-hollardan xabar olgan ona nonushta hozirlashga tushgan edi hamki, xonasidan chiqib kelgan o‘g‘lini ko‘rib, chiroyi biroz ochilgandek bo‘ldi.
— Assalomu alaykum, ona!
— Vaalaykum assalom, kel, bolam, nonushta qilamiz.
— Yo‘q, kech qolyapman, ishga borishim kerak.
Ulug‘bek g‘isht zavodida bosh hisobchi bo‘lib ishlardi. Zavodga yaqin qolganida yo‘l ustida ko‘zga tashlanib turgan qabristonni ko‘rdi-yu, oyoqlari beixtiyor o‘sha tomonga yo‘naldi. Ayolining qabri boshiga yetganida hayratda qoldi. Bir yigit ko‘zida yosh bilan fotiha tortdi-yu, o‘rnidan turdi. Ulug‘bek dastlab adashgan bo‘lsa kerak, qaysidir yaqinini ziyorat qilmoqchi bo‘lgan, deb o‘yladi. Ammo so‘ng qabrtoshga ko‘zi tushib, chidab turolmay, yigitning yo‘lini to‘sdi va:
— Kimsan?! Xotinimning qabri boshida nima qilyapsan?! — deb so‘radi ko‘zlari yonib.
— O‘zingizni bosing, aka, hozir tushuntirib beraman. Noto‘g‘ri tushunmang, men Marjonaning sinfdoshiman…
Ulug‘bek u yigit bilan qabristondan chiqqach, xoliroq joyga o‘tdi. Sinfdoshiman degan yigit, aftidan, nimalarnidir gapirgisi kelar, har gal taraddudlanar, ammo Ulug‘bekka ko‘zi tushgach, tag‘in fikridan qaytgandek yerga qarab olardi. Shu alfozda biroz fursat o‘tdi. Nihoyat, yigit gapirishga qaror qildi.
— Bir paytlar Marjona bilan sinfdosh bo‘lganmiz, — deya hikoyasini boshladi u. — U juda samimiy, oqko‘ngil, azbaroyi uyatchan qiz edi. Uni yaxshi ko‘rardim.
Shu gapni aytishi bilan yigit suhbatdoshiga qaradi. Jahli chiqib, portlab ketsa kerak, deb o‘ylagandi. Ammo Ulug‘bekning ko‘zlari bir nuqtaga qadalgan, iyaklari qaltirar, biroq hech narsa demasdi.
— Unga bu haqda hech qachon aytolmaganman, — dedi yigit. — Uning dilini og‘ritib qo‘yishdan, keyin yuzko‘rmas bo‘lib ketishdan cho‘chirdim. Maktabni tamomlagan yilimiz u o‘qishga kirdi, men kelasi yili harbiy xizmatga ketdim. Qaytganimda uning to‘yi bo‘lgan ekan. Bor gap shu. Uning o‘limi haqidagi xabar meni esankiratib qo‘ydi. Marjona haqida noo‘rin va noto‘g‘ri xayollarga bormang!
— Bu yerga tez-tez kelib turasanmi? Bizni o‘ylamadingmi? Aqalli marhumaning oxiratini-chi?
— Bu yerga birinchi kelishim. O‘zim yuqori qishloqda turaman. Oilam, farzandlarim bor. Bir niyat qilgandim, xolos.
— U ham seni sevarmidi? — deb yubordi Ulug‘bek o‘zi bilmagan holda.
— Yo‘q.
— Bu yerda seni boshqa ko‘rmay!
Yigit boshini silkidi. So‘ng indamasdan keta boshladi. Ulug‘bek esankirab qolgan, ishga borganida ham, uyga kelganida ham yigitning gaplari haqida o‘ylardi.
«O‘zing to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsat, Tangrim!» deya kechga tomon hovliga chiqib, birpas so‘riga cho‘zildi. Mastona aya yoniga kelib, hol-ahvol so‘raganida Ulug‘bek hammasini aytib berdi.
— Yomon xayollarga borma, bolam! Kelinim rahmatli farishtadekkina ayol edi. Bema’ni o‘ylarga borma, xo‘pmi?
Ulug‘bekning ko‘zi tongga yaqin ilindi. Tush ko‘rdi. Marjona oppoq libosda, ammo yuzini yashirgan ko‘yi daraxt tagida o‘tirgan ekan.
— Marjona?! Menga qara!
— Yo‘q…
— Uyga yur, hamma kutyapti seni.
— Men endi bormayman.
— To‘xta, to‘xta!
Ulug‘bek uyg‘onib ketdi. Tura solib yuz-qo‘llarini yuvdi. Nonushtaga o‘tirganida onasiga tushini aytib berdi.
— Bema’ni o‘ylarga borganing yoqmagan unga, ko‘rdingmi? — ohista urishib qo‘ydi onasi. — Kel, choyingni ichib ol!
Ulug‘bek ishga borayotib, yo‘lda yana xotini haqida o‘yladi. O‘sha kuni bozorga tushmoqchi edi. Nima olishini esa sir tutgan. Nima bo‘lishi mumkin, deya o‘ylab-o‘ylab o‘yiga yetolmagach, marhumaning uyiga, ukasi Azizga qo‘ng‘iroq qildi.
— Senda bir ishim bor edi, Aziz. Yaxshisi, ko‘rishib gaplasha qolaylik, — dedi Ulug‘bek salom-alikdan so‘ng muddaoga ko‘chib.
Ular kelishilgan vaqtda, kelishilgan joyda ko‘rishishdi.
— Bilasanmi, Aziz, Marjona o‘sha kuni sizlarnikiga mehmonga bormoqchi, so‘ng bozorga tushmoqchi edi.
— Bilaman, kelgandi.
— Bozorga-chi?
— Bozorga ham tushdi. Faqat bolalar xarxasha qilavergani uchun oyim bolalar bilan qoldi.
— Marjona kim bilan ketdi?
— Oydin bilan. Xolavachcham.
Ular Oydinni izlab borishdi. Eshikni Oydinning o‘zi ochdi.
— Kelinglar! — dedi Oydin ularni ichkariga taklif etib.
Ular ichkariga kirishdi.
— Marjona vafot etgan kuni siz bilan bozorga tushgan ekan, — dedi Ulug‘bek dasturxon ustida.
— Ha, bozorga borgandik, — dedi Oydin hayron bo‘lib.
— Nima sotib olmoqchi edi?
— Bolalarga kiyim-kechak, — yelka qisdi Oydin haliyam hech narsaga tushunolmayotgani uchun. So‘ng bir Azizga, bir Ulug‘bekka qaradi-da, davom etdi. — Oldin shifokorga ko‘rinaylik, deb turib oldi. So‘ng u yerdan chiqqach, hammasi joyida ekan, dedi. Keyin bozorga tushdik. Lekin u menga bitta maktub beraman, egasiga topshirasan, degandi. Ammo bermadi, ulgurmadi rahmatli.
— Egasi kim bo‘lishi mumkin?
— Bilmadim.
O‘sha kuni Ulug‘bek deyarli soy bo‘yida tong ottirdi. Qanday maktub va egasi kim bo‘lishi haqida o‘ylayverib aqldan ozay dedi. Uyiga kelib, to‘g‘ri xonasiga yo‘naldi. Maktubni izlashni dastlab o‘z xonasidan boshladi. Ko‘p izlanmadi ham. Maktub yostiqning astari ichidan chiqdi. Maktubda quyidagilar yozilgandi:
«Begim, bu maktubni o‘qiyotganingizda men yoningizda bo‘lmayman. Yolg‘onchi dunyoni tark etgan bo‘laman. Maktubni Oydinga bermoqchi bo‘ldim, lekin dil dardlarimni o‘zingiz topib o‘qishingizni lozim topdim.
Bilaman, begim, men bunday yashamasligim kerak edi, ammo ilojsiz edim. Siz bilan baxtli edim. Agar Tangrim qayta umr bersa, sizni degan bo‘lardim. Sizni xursand qilish uchun o‘g‘il farzand ato etmoqchiydim. Tabiiyki, buni sizga aytmadim. Qarshi chiqishingizdan qo‘rqdim. Shundog‘am oyijonni zo‘rg‘a ko‘ndirgandim. Shifokorga sizdan yashirincha qatnadim.
Avvaliga hammasi yaxshi edi. Bir kurs davolanib bo‘lganimdan so‘ng o‘zimni yomon his eta boshladim. Men bundan xursand bo‘ldim. Mendagi o‘zgarish esa vaqt o‘tgani sari ortaverdi. Oxirgi natijalar esa…
Menda OITS aniqlanibdi. Qon bilan bog‘liq. Aniqrog‘i…
Oydinga hech narsa deya olmadim. Uyga qaytib, rosa o‘yladim. Bu isnodni endi qatnay ko‘taraman, sizga qanday aytaman? Ehtimol, Yaratganning xohishiga qarshi chiqqanim uchun jazolangandirman. Juda-juda yashagim kelyapti. Lekin bu isnoddan sizni xalos etgim keldi. Baribir, uzog‘i bilan bir necha yil yashardim, xolos.
Sizdan yagona iltimosim, avvalo, meni kechiring! Bolalarimni yetim qoldirmang, birorta oqila ayolga uylaning! Maktub esa sirimiz bo‘lib qolsin. Sizni sevaman…»
Ulug‘bek maktubni qo‘llari titrab, ko‘zlari yoshlanib o‘qidi. Tonggacha uxlamadi.
Oradan yillar o‘tsa-da, Ulug‘bek boshqa uylanmadi. Onasi har qancha yalinib-yolvormasin, u, baribir, ko‘nmadi. Marhuma ayoliga sodiq qoldi…
Ma’pura MIRQOSIMOVA

Manba: hordiq.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Turmush chorraxalarida | Просмотров: 705 | Добавил: MASSARI | Теги: Kelin, hayotiy hikoya, turmush chorraxalarida | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]