наверх
Главная » Новости » O'zbekiston yangiliklari
16:01
Oqtoʻbadagi fojiada omon qolgan oʻzbeklar: “Tergovchilarga borini aytib boʻlganmiz!”

Avval xabar berganimizdek, jinoyat ishlari boʻyicha Oqtoʻba tumanlararo sudida 2018 yil 18 yanvarda tiriklay yonib ketgan 52 nafar oʻzbekistonlikning oʻlimi boʻyicha sud ishi boshlandi. Sudda halok boʻlganlarning yaqinlari ham qatnashmoqda. Ular Oqtoʻbaga avtobusda kelgan, hozir ijaraga olingan xonadonlarda turibdi.

Yongan avtobusning uch nafar haydovchisi Janubiy Qozogʻiston (hozirgi Turkiston) viloyati fuqarolari. Tergov organlari ularni transportdan notoʻgʻri foydalanish va yoʻl harakati qoidalariga rioya etmaslikda ayblamoqda. Biroq ayblanuvchilarning yaqinlari bundan norozi: ular haydovchilar bilan birga tirik qolgan ikki oʻzbekistonlikni ham sud qilish kerakligini aytmoqda.

“Ukam Maqsat Pernebekovni ham sud qilishayapti, vaholanki, halokat chogʻida u uxlayotgan boʻlgan. Yongʻin boshlanganida uygʻonib ketgan, avtobusdan zoʻrgʻa sakrab tushib, tirik qolgan. U ham yaralangan. Nega faqat haydovchilarni ayblashmoqda? Nega tirik qolgan ikki yoʻlovchini ham ushlashmagan?”, – deydi sudlanuvchilardan birining opasi.

Fojiada omon qolgan ikki nafar oʻzbekistonlik ham Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanidan. Ahrorbek Isoqov Oʻzbekiston, Isroil Mirzaahmedov esa Bozorboshi mahallasida istiqomat qiladi. Biz ularni yoʻqlab, Toʻraqoʻrgʻonga yoʻl oldik.

“Xudoga aytganimiz bor ekan, Ahror tirik qoldi”

Oʻzbekiston mahallasiga kirib kelganimizda mahalla fuqarolar yigʻini raisi Hasanboy Qirgʻizov qarshimizdan chiqib qoldi. Tuman hokimligiga yigʻilishga otlangan ekan. U kishi bilan toʻgʻri Isoqovlar xonadoniga keldik. Uyda Ahrorning otasi Ibrohim ota va akasi Bahriddinni uchratdik, oʻzi ishda ekan. Biz Ibrohim otani suhbatga tortdik.

– Sakkiz nafar farzandim bor, olti oʻgʻil va ikki qiz. Ahror ularning kenjasi. U boʻlgan avtobus yonganini televizordan bildik. Xudoga aytganimiz bor ekan, tirik qoldi. Oʻsha voqeadan 10 kun oʻtib sogʻ-omon qaytib keldi. Ammo fojiada ukamning nabirasi Bahodir Murodullayev halok boʻldi. Hali uylanmagan, yigirma yoshga ham toʻlmagan yigit edi.

Shundan keyin onasi bilan Ahrorni hech qayerga yubormadik, oʻzimizda ishlaysan dedik. Shukur, ikki-uch oy boʻldi, Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga ishga kirdi. Endi xotirjamman, axir yoshim salkam saksonga kirdi, onasi ham yetmishdan oʻtdi.

Xonadonda Ahror bilan qoʻngʻiroqlashdik. Dam olish kuni boʻlishiga qaramay ishda ekan. Vaqtni boy bermay, nafaqat viloyat yoki vodiyda, balki Oʻzbekistonda bunyod etilayotgan eng katta inshootlardan boʻlgan Toʻraqoʻrgʻon IES tomon qarab ketdik.

“Avtobusning eshik va oynalarini ocholmadik”

Inshoot mahobati bilan kishini hayratga soladi. IESdagi qurilish koʻlami nihoyatda katta. Bu yerga kelib, jarayonni bir nafas kuzatdik va Ahrorga qoʻngʻiroq qildik. Oradan koʻp oʻtmay qahramonimiz chiqib keldi. Uni tanib olish uncha qiyin emasdi, chunki uyda biz suhbatlashgan akasi bilan oʻxshash ekan. Muddaomizni tinglagach, oʻsha mashʼum kunni xotirlashga oʻtdi.

Toʻraqoʻrgʻon IES

– Oʻttizga kirdim, oʻn yildan beri Rossiyaga qatnayman. Qurilishda deyarli hamma ish qoʻlimdan keladi. Bu gal Qozon shahridagi bir obyektni bitkazishga otlangandik.

Men avtobusning old oʻrindigʻida haydovchilar yonida oʻtirgandim. Yongʻin roʻy bergan payt koʻzim ilingan ekan. Kuchli shovqindan uygʻonib ketdim. Avtobus alanga ichida qolgan, mening ham shimim yona boshlagandi. Jon holatda oʻzimni pastga otdim. Nima boʻlayotganini anglagan paytimda avtobus butkul oʻt ichida qolgandi.

Oʻsha kunlari havo harorati oʻta pasayib, avtobusning ichi muzlab ketgandi. Shuning uchun salon kavshar lampa bilan isitilgan. Avtobusdagi ogʻzi ochiq besh litrli kanistrda benzin boʻlgan. Oʻsha kanistrdagi benzin alanga olib, butun avtobus oʻt ichida qolgan.

Yoʻlovchilarning hammasi avtobusning ikkinchi qavatida boʻlgan. Eshiklar qulflanib qolgan, yongʻin chiqqanda hamma oʻzini orqa eshikka urgan. Avtobus eshiklari havo bilan yopilgani uchun hodisa payti ishdan chiqqan, orqa va oʻrta eshiklar qulflanib qolgan. Birinchi navbatda avtobusning orqa eshiklarini ochmoqchi boʻldik, iloji boʻlmadi. Ikkinchi qavat oynasiga ikki-uch marta oʻt oʻchirish moslamasini otdim, avtobus haydovchisi ham urinib koʻrdi. Ammo oynalar juda mustahkam boʻlgani uchun sindirolmadik.

Bir soatlardan keyin shifokorlar, oʻt oʻchiruvchilar, politsiya keldi. Bu payt avtobus butunlay yonib boʻlgandi.

“Tergovchilarga 10 kun koʻrsatma berganmiz”

– Qozogʻistondagi sud jarayoni boshlanganidan xabaringiz bor. U yerda ishtirok etayotgan ayblanuvchilarning yaqinlari omon qolganlarni ham sudga chiqirib, soʻroq qilish kerak edi degan fikrlarni aytgan...

– Bunga hojat boʻlmasa kerak, chunki 10 kun Oqtoʻbadagi shifoxonada yotgan boʻlsak, har kuni ertalabdan kechgacha tergovchilarga koʻrsatma berganmiz. Aslida haydovchilar voqeani elektr tizimidagi nosozlikdan kelib chiqqan yongʻin sifatida izohlamoqchi boʻlgan. Biz holat qanday boʻlsa shundayligicha, yaʼni salondagi benzin sababli oʻt ketganini roʻyi-rost aytib berdik. Qolaversa, bizga sudga chaqiriq qogʻozi ham kelgani yoʻq.

Ahrordan yangi ish joyidagi taassurotlari bilan qiziqdik. Uning bu yerdagi faoliyatidan qoniqish hosil qilayotganini payqash qiyin emasdi.

– Oldinroq fojiada omon qolgan sherigimiz bu yerga ishga kirgandi. Iyun oyining oxirlarida meni ham qabul qilishdi. 158 kishi 4 ta brigadaga boʻlinganmiz, men brigadirlardan biriman. Turk rahbarimiz bor, bizga har kuni ish koʻlamini belgilab beradi. Maoshdan nolimayman, qoʻlimga oyiga 4 million soʻmdan oshiq pul tegayapti. Shunga yarasha ertalabdan kechgacha, dam olish kunlarisiz mehnat qilayapman. Undan tashqari “IESda ishlayapti” degan nom ham bor. Agar shunday ish va maosh boʻlib tursa, Rossiya yoki boshqa davlatga borishni hojati yoʻq, albatta. Kim ham issiq oʻrnini sovutgisi keladi?

Ahror bilan suhbatimiz yakunlangan kunning ertasiga Qozogʻistonda boʻlib oʻtayotgan sud majlisida Oʻzbekistonning 52 fuqarosi oʻlimiga sabab boʻlgan Oqtoʻba fojiasining asl sababi rasman eʼlon qilindi. Qahramonimizning versiyasi tasdiqlandi. Prokuror Usmon Oʻrinbasaruliga koʻra, fojia yuz bergan kuni haydovchi Nurjon Qirgʻizboyev yoʻlovchilar isinishi uchun kavsharlash lampasini salonga olib kiradi va benzin toʻla kanistr yoniga qoʻyadi. Kanistr yonida ikki yoʻlovchi va haydovchi Maqsat Pernebekov boʻlgan. Qolgan ikki haydovchi pastga tushib, shu atrofda toʻxtab turgan mashinadan avtobusni tortib ketishni soʻramoqchi boʻladi.

Portlashdan oldin ikki yoʻlovchi va haydovchi Maqsat Pernebekov salondan chiqishga muvaffaq boʻladi. Portlash sodir boʻladi va ikkinchi qavatdagi 52 yoʻlovchining barchasi tiriklay yonib ketadi. Ekspertiza ular is gazidan zaharlanish va kuyish natijasida halok boʻlgan degan xulosaga keldi...

Bugun IES, ertaga “Hyundai”

Fojiada omon qolgan yana bir oʻzbekistonlik – Isroil Mirzaahmedov ham shu inshootda ishlayotgan ekan. U bilan ertasi kuni bogʻlandik. Mart oyida tuman hokimligi yordamida shu yerga ishga joylashgani, temirchilik, toʻgʻrirogʻi, karkas toʻqish bilan shugʻullanayotganini aytib qoldi. Oyiga 1,6-1,8 million soʻm atrofida maosh qoʻliga tegayotganini bildirdi. Isroil salkam qirq yoshni qoralayapti, toʻrt nafar farzandi bor. U ham shu fikrda, yaʼni sharoit va imkoniyat boʻlsa, chetga chiqishning hojati yoʻq.

– Avtobusda eshikka yaqin yerda boʻlganim jonimga oro kirdi. Shunda ham kuyish jarohatlari, shikastlanishlar bilan bir muddat shifoxonada davolanib chiqdim. Oilada toʻrt oʻgʻil, ikki qizmiz. Hozir uch oʻgʻil qoldik, ukam 2009 yilda avtohalokatda nobud boʻlgan. Shunday fojiada omon qolganimni Yaratganning inoyati deb oʻylayman, chunki uydagilar buni koʻtara olmasdi, – deydi Isroil.

Yigitlar bu yerdagi qurilish ishlari kelgusi yil yakuniga yetib qolishini bildirdi. Ularning koʻnglini xotirjam qiladigan holat shuki, erta-indin Toʻraqoʻrgʻonda yana bir gigant korxona – “Hyundai” zavodi qurilishi boshlanadi...

Muallif: Azizbek Abduvaliyev
Manba: turon24.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: O'zbekiston yangiliklari | Просмотров: 650 | Добавил: MASSARI | Теги: Aqto'be, 52 o'zbek | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]