наверх
РЕКЛАМА...
Главная » Новости » Dunyo yangiliklari
16:47
Po‘lat davri inqirozi. Nega yaqin vaqt ichida shahar ko‘chalarida plastik avtomobillarga duch kelamiz?

Plastikning metalldan asosiy ustunligi uning yengilligidir: plastik qismlar po‘latga qaraganda o‘rtacha 25—30 foiz yengil hisoblanadi. Avtomobil vaznining kamayishi esa uning yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi, deb yozadi Forbes.

Po‘lat ikkinchi sanoat inqilobidan buyon sanoatning barcha sohalarida keng qo‘llaniladi. Biroq bugungi kunda undan faol foydalanish o‘rnini boshqa materiallar egallamoqda.

Metalldan voz kechish an’anasini avtomobilsozlikda plastikdan foydalanish misolida ham kuzatish mumkin. 1970-yillardan boshlab avtomobillardagi metall qismlar ulushi kamayib bormoqda: agar avvalgi avtomobilning 79 foizini po‘lat tashkil qilsa, bugungi kunda avtomobillardagi metallning ulushi 55 foiz atrofida. Plastmassa esa aksincha qat’iy o‘sishda davom etmoqda: 1970-yillarning boshidagi olti foizdan 2020-yilga kelib 18 foizga, rezina esa ikki foizdan yetti foizgacha bo‘lgan ko‘rsatkichga yetishi ma’lum qilinmoqda. Bir qaraganda plastik faqat salonni bezatishda qo‘llanilgandek ko‘rinsa-da, uni mashina kuzovida, ilgak va hatto dvigatelida ham topish mumkin.

Bugungi kunda yengil avtomobilda 150—200 kilogramm plastmassa qo‘llanilmoqda, biroq 2020-yilga kelib bu miqdor 300 kilogrammgacha oshishi mumkin. Bu esa avtomobil vaznining qisqarishi bilan birga kechadi.

Ekspertlarning fikricha, avtomobil sanoatida konstruksiya plastigiga bo‘lgan dunyoviy talab yaqin kelajakda yiliga yetti foizga oshib boradi. Ishonch bilan aytish mumkinki, kelajak avtomobilida hozirgiga qaraganda ancha ko‘p polimer qo‘llaniladi. Buning quyida keltirilgan bir qator sabablari mavjud.

Avtomobilsozlikda plastiklarni joriy etishning foydali jihatlari nimada?

Mazkur innovatsiyani joriy etish iqtisodiy maqbullik jihatidan muhim hisoblanadi. Plastikning metalldan asosiy ustun jihati uning yengilligidir: plastik qismlar po‘latga nisbatan o‘rtacha 25—30 foizga yengil. Avtomobil vaznining yengillashuvi yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi. Ishlab chiqaruvchilar avtomobil kuzovining vaznini kamaytirib, uning o‘rnini xavfsizlik bilan bog‘liq qismlar, shuningdek, elektron qurilmalar bilan qoplashga harakat qiladi.

Uglerod tola va polimer matritsali kompozitlarni qo‘llash avtomobil vaznini 25—70 foizga qisqartirish imkonini beradi. Masalan, “Formula-1” bolidlari asosan plastik va kompozit materiallardan iborat va aynan vaznni kamaytirish mashina dinamik xarakteristikasini yaxshilash va poyga avtomobillari tezligini oshirish imkonini beradi. Benzinning kam sarflanishi esa, o‘z navbatida, bunday mashinalarni yanada ekologik avtomobillarga aylantiradi.

Biroq polimerlar miqdori faqat bolidlarda oshayotgani yo‘q. Shahar avtomobillarida ham plastik qismlar ko‘payib bormoqda.

Buning bir nechta sababi mavjud. Birinchidan, yuqorida qayd etilganidek yengillik, yoqilg‘i tejamkorligi va buning natijasida ekologik jihatdan ustunlik. G‘arbda yoqilg‘i ko‘p sarflovchi mashinalarga talab kamaymoqda. Odamlar borgan sari ko‘proq atrof-muhitga kamroq zarar yetkazuvchi gibrid avtomobillar xarid qilmoqda. Lightweight revolution — turli shakldagi innovatsiyalarni qo‘llash hisobidan avtomobil vaznini maksimal kamaytirishga urinish ham atmosfera ifloslanishiga qarshi kurashishga olib kelmoqda.

Bunday trendlar Yevropada davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda, shuning uchun avtomobil kompaniyalari bundan keyin ham mazkur yo‘nalishda ishlashga tayyor.

Innovatsion plastiklar

Eng yirik avtomobilsozlik kompaniyalari ishlab chiqarishga eng yangi ishlanmalarni faol joriy etish uchun kimyoviy konsernlar bilan hamkorlik qilmoqda. Masalan, maxsus kimyo konserni Lanxess Porche, Skoda avtomobillari uchun qismlar: asosan, uzatish qutisi uchun ilgak va dvigatel qismlarini tayyorlamoqda.

Germaniyaning yirik kimyo konsernlari har yili avtomobilsozlikda qo‘llanuvchi yangi plastmassalar yaratish uchun katta summadagi investitsiyalar kiritmoqda. Hozirda avtomobil ishlab chiqarishda plastikning 100 dan ortiq ko‘rinishi qo‘llanilmoqda: ular qattiqlik va qarshilik ko‘rsatish darajasi, qolaversa vazn jihatdan bir-biridan farqlanadi.
Manba: daryo.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Dunyo yangiliklari | Просмотров: 158 | Добавил: VerSign | Теги: Po'lat davri inqirozi | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]