наверх
Главная » Новости » Xikoyalar / Mutolaa
14:56
Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (11-qism)

Alamdanmi, yo irodam bo‘shlik qildimi, shu kecha ichkilikni me’yoridan oshirib yubordim. Qachon uxlashga yotganimni ham, Mariyaga nimalar deganimni ham eslay olmayman. Faqat nafasim bo‘g‘ilishidan uyg‘onib ketdim…

Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Mariya meni bo‘ynimga sim boylab olgancha nuqul bo‘g‘ardi.

— Hoy Qorato‘ri! — deya dag‘dag‘a qilardi u bo‘g‘ishda davom etarkan. — Meniki bo‘lmadingmi, endi tamomsan! Seni o‘z qo‘llarim bilan o‘ldiraman! Ha, o‘ldiraman!..

Men jonholatda uning bilaklariga chang solib kuch bilan polga bosdim.

— Hali sen shunaqamisan? — deya qo‘llarini qayira boshladim. — Meni o‘ldirmoqchi bo‘ldingmi? Shundan boshqa o‘yin topa olmadingmi?..

— O‘ldir!.. Kuching yetadimi o‘zi? Erkakmisan? O‘ldir! Nega qarab turibsan?..

Nafrat ustun keldi. Ayolning tomog‘ini changallagancha turaverdim…

U bir necha soniya xirillab, nihoyat jim bo‘ldi.

Shu zahoti yuzlari, qovoqlari ko‘kara boshladi.

— O‘ldirib qo‘ydim! Men… Odam o‘ldirdim!.. — Men azbaroyi jazavaga tushganimdan nuqul xonani aylanar, it ham g‘ingshib ketimdan qolmasdi.

— Yo‘q… Ketishim kerak!.. — dedim hiyla o‘zimni bosib olgach, Mariyaning jasadiga o‘g‘rincha ko‘z tashlab. — Ketmasam bo‘lmaydi!.. Sezib qolishadi! Tutib olishadi!..

Ketishga chog‘lanarkanman, nimadir yodimga tushgandek, cho‘ntaklarimni paypasladim.

— Nima? Oltinlar qani?.. Oltin yo‘q!..

Chopib borib bir chetda yotgan Mariyaning katmoniga yopishdim. Ha, oltinning bir qismi katmonda ekan. Bundan tashqari, bir dasta pul ham chiqdi.

— Iflos! — so‘kindim murda tomon boqib. — Baribir g‘alchaligingni qilibsan-da!.. Isqirt! Qanjiq!..

Bu uyda ortiq turib qolish noo‘rin ekanini bilardim.

Pul va oltinlarni qo‘ynimga berkitdim-da, itni ergashtirgancha o‘rmon tomon chopa ketdim.

* * *
Biz Sharik bilan oldinma-ketin duch kelgan tomonga chopib borardik. Qorong‘ilik o‘zini ko‘rsatib, chakalaklar hammayog‘imni tirmalab tashladi. Badanimning ochiq qolgan joylari qonga bo‘yaldi. Ammo to‘xtamasdim. Xuddi birov orqamdan quvlab kelayotgan kabi faqat oldinga intilardim.

Bir payt oyog‘im loyga bota boshlagandek tuyulib taqqa to‘xtadim. Egilib qo‘llarim bilan yerni paypaslab ko‘rdim. Oyoqlarim ostida xashak, qurigan o‘t-o‘lan bilan qoplangan botqoqlik zohir edi. Nima qilishni bilmay bir muddat qotib qoldim. Oyog‘im esa tobora balchiqqa botib borardi.

Yuragim besaranjomlanib o‘zimni orqaga otdim. Xayriyat, qirg‘oqda ekanman. Bir amallab oyoqlarimni botqoqdan tortib oldim-da, yerga o‘tirib oldim.

Xo‘sh, endi qayerga boraman? Nima qilaman? Yonimda na ovqat, na ichishga suv bor. Aksiga olib shu lahzada chanqaganimni chuqurroq his eta boshlagandim.

Bo‘shashgancha Sharikka qaradim. U mendan sal narida hech narsa bo‘lmagandek, jimgina yotar, lekin ikki ko‘zi menda edi.

— Yo‘qol! — baqirdim beixtiyor. — Nega yastanib olding? Yo‘qol dedim! Endi menga keraging yo‘q! Tushunyapsanmi, sen ketishing kerak! Yo‘limiz ayro endi! Tur dedim!

It turay demasdi.

Paypaslana-paypaslana yerdan kichikroq xoda olib Sharikka qarata otdim.

It vangillagancha tura solib qochdi.

— Ketimdan bora ko‘rma!..

Yo‘q, Sharikday vafodor hamrohdan ayrilish men uchun juda og‘ir. Ammo… Ilojim qancha? Taqdirim qanday kechishini yolg‘iz Xudo biladi. It esa o‘ziga boshqa xo‘jayin topadi. Albatta topadi. Bir kunini ko‘radi…

— Nima qilib o‘tiribman? — dast o‘rnimdan turib qorong‘ilik qa’rida atrofni kuzata boshladim. — Yo‘l bormikan? Yo hammayoq botqoqlikdangina iboratmikan? Qanday qilib yo‘l topaman? Ha, tong otishini kutmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Harqalay, Mariyaning uyidan uzoqlashib ketganim aniq. Ancha yo‘l yurib qo‘ydim-ku!..

Shunda egnimdagi Mariya sovg‘a qilgan yangi paltoga qo‘lim tegib, seskanib ketdim.

Jonholatda paltoni yechdim-u, botqoqqa uloqtirdim.

— Iflos!.. Men kimlarning kiyimini kiyib oldim o‘zi? — hayqirdim. — Bundan ko‘ra, shu sovuqlarda qotib o‘lganim yaxshi emasmi, Xudoyim?..

Alamdan o‘pkam to‘lib kelardi. O‘zim bilmagan holda o‘kirib-o‘kirib yig‘ladim…

Yig‘lay-yig‘lay so‘zlanarkanman, o‘tmish umrim ko‘z oldimdan kino tasmasi kabi birma-bir o‘tardi…

Ijarada yashagan kunlarim, qurilishdagi hayot, tanish-notanish ulfatlar bilan o‘tirgan onlarim, va nihoyat turma… Ana, mayor qo‘lidagi charm tayog‘ini o‘ynatib men tomon chopib kelyapti. Ortidan xomsemiz nazoratchi ham ergashib olibdi…

Nima, meni ko‘rib qolishdimi? Qanday qilib? O‘rmondaligimni kim aytdi ularga? Yelenami? Nahotki, sotgan bo‘lsa?..

— Yo‘-o‘q!.. Tutdirib qo‘yadigan ahmog‘ing yo‘q, mayor!.. Yetib bo‘psanlar!.. Xa-xa-xa-xa!..

Boyagina yig‘lashdan o‘zini tiyolmayotgan odam endi xandon otib kulgancha botqoqni aylanib chopa ketdim.

Menga baribir edi. Anavilar tutib olishmasa bas!.. Shularning ta’qibidan qocha olsam, yetkazmasam bo‘ldi. Mayli, meni botqoqliklar qurshab olishsin. Shu marazlarning qo‘lida xor bo‘lgandan botqoqning sovuq bag‘riga g‘arq bo‘lishni afzal ko‘rardim.

— Hammang itdan battarsan! — baqirishda davom etdim. — Hali shoshma! Xudo jazongni berib qo‘yadi!..

Qancha yugurganimni idrok etmadim. Oyoqlarim ostida chakalaklar, shox-shabba emas, quruq asfaltni his etib taqqa to‘xtadim…

Ha, men o‘rmonning boshqa bir chetidagi katta asfalt yo‘lda turardim.

Shundagina hushim o‘zimga kelib, o‘rmondagi qichqirishlarim, behuda jazavaga tushganimdan afsuslanib ketdim.

* * *
Xo‘sh, endi nima qilaman? Qay tomonga yuray? Nahotki, biror mashina uchramasa? Bunchalar sokin va shubhali bu yo‘l?..

Mayli, piyoda bo‘lsayam ketaveraman. Ajab emaski shaharga yetib olsam.

Men ketishga chog‘landim. Va ehtiyot shart hozirgina o‘zim chiqib kelgan o‘rmon ichkarisiga o‘girildim.

Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Sharik dumini likillatgancha men tomon qarab turardi. Chamasi, u mening chaqirishimni kutardi.

— Yo‘qol! — garchi yurak-yuragimdan uni yaxshi ko‘rsam-da, mehrim tushib qolgan bu jonivordan ayrilishni istamasam-da, o‘zimni majburlab baqirdim. — Ket dedim! Bizning yo‘limiz boshqa! Bor, o‘zingga boshqa xo‘jayin top!

Biroq it o‘rnidan jilay demasdi.

Egilib yerdan katta bir tosh topdim-u, Sharikka qarab irg‘itdim. U xuddi ketadigandek, o‘zini bir-ikki metr orqaga oldi.

— E, namuncha qaysar bo‘lmasa bu it? — deya qo‘l siltagancha yo‘lga tushdim. — Qani, ko‘ramiz, qayergacha borarkansan…

Yo‘l-yo‘lakay so‘zlana-so‘zlana keta boshladim. It ham mendan o‘n-o‘n besh metr orqada ketib borardi.

Taxminan besh chaqirimcha yo‘l yurgach, temir yo‘lga duch keldim. Mendan bir chaqirimcha narida kichik bir stansiya bor ekan. Xursand bo‘lib ketdim.

“Qaniydi biror poyezd shu stansiyada to‘xtasa-yu, chiqib olsam! — o‘ylardim stansiya tomon yurarkanman. — Shu yo‘l bilan tinchgina shaharga yetib olsam bo‘ladi. It ham orqamdan ergashib yurmasdi…”

Meni va orqamdan kelayotgan itni ko‘rgan stansiya qorovuli hushyor tortib o‘rnidan turdi va yaqinlashishimni kuta boshladi.

— Kim bo‘lasan? To‘xta! — chamasi oltmish yoshlar atrofidagi uzun bo‘yli qorovul yaqin borishimga o‘n qadamcha qolganda qo‘lidagi miltiqni menga to‘g‘rilab baqirdi.

To‘xtadim.

— Kimsan? — so‘radi u.

— Men adashib qoldim. — ikki qo‘limni ko‘tarib javob qildim. — Shaharga boradigan yo‘lni topa olmay qiynalyapman.

— U-chi? — itga ishora qildi qorovul.

— E, mening ovchi itim. Shuncha haydasam ham qaysarlik qilib orqamdan ergashib kelyapti. Iltimos, ota, meni shaharga ketadigan biror poyezdga o‘tqazib yuborsangiz!

— Puling bormi o‘zi? — so‘radi qorovul bosh va ko‘rsatkich barmog‘ini bir-biriga ishqalab.

— Bor, — men shosha-pisha qo‘ynimga qo‘l solib ikki-uchta o‘ntalikni unga uzatdim. — Mana, oling!

— Bu boshqa gap. — shundan keyingina qariya miltiqni tushirib, menga yaqin keldi va pulni oldi.

Sharik esa qorovul yomonlik qilmoqchi deb o‘yladimi, unga qarab irillay boshladi.

— Hoy bola, itingni ol! — qaytadan miltig‘ini qo‘lga oldi qariya. — Qara, menga tashlanmoqchi! Otib tashlayman!..

— Bu it beozor, — uni tinchlantirdim va Sharikka yuzlanib ko‘rsatkich barmog‘imni silkitib do‘qlagan bo‘ldim. — Sizni tanimagani uchun shunday qilyapti, xolos.

— Qamalib chiqqanmisan? — kutilmagan savolni eshitib, bir muddat kalovlanib qoldim.

— Y-yo‘q. — deya oldim zo‘rg‘a.

— Yolg‘on gapirma. — egnimdagi kiyimga, yuz-ko‘zlarimga nazar tashlab olgach, bosh chayqadi. — Men yolg‘on gapirganlarni yomon ko‘raman. Ana, turishing aytib turibdi kimligingni!

— Ochig‘i, topdingiz. — sezdimki, bu qariyani chalg‘itib bo‘lmaydi. Juda sinchkov va hayotda tajribasi ko‘pligini chaqnab turgan ko‘zlari isbotlab turardi. — Yaqindagina qamoqdan chiqdim. Faqat… Boradigan joyimning tayini bo‘lmagani uchun…

— Tushundim, — dedi qariya. — Buyog‘ini aytmasang ham yaxshi bilaman. Xo‘-o‘sh… Poyezdga beradigan puling bormi o‘zi?

— Bor, yetadi.

— Seni yo‘lovchi poyezdiga o‘tqazib yuboraman. Faqat bitta poyezd bizning stansiyada bir daqiqaga to‘xtab o‘tadi. «Provodnik»minan chiqishib olsang, marra seniki.

— Rahmat, ota! — dedim bosh egib. — Bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman.

— To‘xta, xo‘p, shaharga bording ham deylik. Hech kiming bo‘lmasa, qayerda yashaysan?

— Bilmadim… Xudo yo‘l berar.

— Balki menikida yashab turarsan? Men ham shaharda turaman. Bir o‘zim yashayman.

— Yo‘q, ota, qiladigan ishlarim bor. Poyezdga chiqarib yuborsangiz ham katta gap.

— O‘zing bilasan. — yelka qisdi qorovul. — Aytdim-qo‘ydim-da!..

— Ota, — dedim Sharikka ishora qilib. — Shu itni olib qolsangiz…

— Ko‘rarmiz. Agar poyezdning ortidan quvlab ketmasa… Sendan ajralishni xohlamayotgani sezilib turibdi…

Indamadim. Bilardimki, qariya itni poyezdga chiqishga qo‘ymaydi. Demak, uni asrab olishi mumkin…

Oradan yarim soatcha o‘tib, u aytgan poyezd yetib keldi. To‘xtagani hamono qorovul meni oldingi vagonlardan biri eshigiga olib bordi. Kuzatuvchisi tanish ekan. Hash-pash deguncha men vagon ichkarisidan joy oldim. Poyezd o‘rnidan qo‘zg‘algach, xavotirim ortib oynadan tashqariga boqdim…

Kutilganidek, Sharik jonholatda poyezdni yonlab chopar, tez-tez men o‘tirgan vagon tomon qarab olardi.

Uning intilishini ko‘rib ichimda nimadir uzilib ketgandek bo‘ldi. Peshonamni sovuq ter bosdi.

Xuddi eng yaqin kishisidan ayrilib, yolg‘iz qolgan odam kabi ko‘zlarimga yosh keldi.

— Qismatim qursin, — vujudim titrab so‘zlanardim men ortimga qaytib ko‘rpachasiz o‘rindiqqa o‘tirarkanman. — Shu itgina menga mehribon edi. Ochlikdan asrab qolgan ham shu bo‘lgandi. Ne qilayki, undan ayro yashashga mahkumman… Ishqilib, yomonlar qo‘liga tushib qolmasin!..

Shu orada yoshi oltmishlarga borib qolgan, sochlari oppoq, soqol qo‘yib olgan poyezd kuzatuvchisi yonimga kelib o‘tirdi.

Vagonda yo‘lovchilar deyarli sanoqli edi. Zerikkanmi, yo shunchaki qiziqibmi, meni gapga tutdi.

— Qaylarga yo‘l tutding, bo‘tam?

— Mening yo‘lim olis, ota. — dedim og‘ir xo‘rsinish qilib.

— Mishaning tanishimisan?

Avvaliga kimni nazarda tutayotganini anglay olmadim.

— Misha dedingizmi? — so‘radim ehtiyotkorlik bilan.

— Ha, qorovulni aytyapman.

— Qariyami?.. Yo‘q, stansiyada tanishib qoldik.

— Shunaqami? Yaxshi-i… Bilasanmi, o‘tgan smenamda bir qallob yigit vagonimga chiqib qoldi. Turmadan qochganmish. Tavba, turmalardayam intizom susayib ketganmi deyman? Keyingi vaqtda juda ko‘pchilik qochib ketayotganmish.

— Bilmadim. — yelka qisdim kuzatuvchiga yer ostidan o‘g‘rincha boqib. — Undaylar menga duch kelganicha yo‘q.

— Duch kelmasin ham. Ishonasanmi, manzilga yetgach, menga do‘q urib yo‘l haqini to‘lamasdan tushib ketdi yaramas.

— Unaqalardan kutsa bo‘ladi, ota.

— O‘g‘lim, — qariya hamon suhbatni cho‘zishga urinardi. — Menga ayt-chi, nega «turmada o‘tiribdi» deyishadi? Nima uchun yotibdi deyishmaydi.

— Bilmadim. Sira qiziqib ko‘rmagan ekanman. To‘xtang, nega menga turma haqida gapirib qoldingiz? Yo shubha qilyapsizmi?

— Yo‘g‘-e, o‘libmanmi shubha qilib?!. Shunchaki… O‘sha qallob esimga tushib ketdi-da!.. Xo‘sh, bilmaysanmi sababini?

Bosh silkib «yo‘q» ishorasini qildim.

— Bilmasang, bilib qo‘y. Kerak bo‘lib qolishi mumkin. Xullas, oq poshsholardan biri dastlab turma tashkil qilganda, kameralari bir kishi sig‘adigan kattalikda bo‘lgan ekan. U yerda faqat tik turish, cho‘nqayib o‘tirish mumkin bo‘lgan. Shu sababli «turmada o‘tiribdi, o‘tirib chiqdi» kabi iboralarni ishlatishgan. Hozirgi kameralar keyinchalik, sovetlar davrida qurilgan.

— Shunaqa deng? O‘zingiz ham o‘tirib chiqqanmisiz deyman?

Qariya uf tortib oldi-da, bosh irg‘ab qo‘ydi.

— Ha endi… Bo‘lgan shunaqasi… O‘zing-chi?.. Nima ish qilasan?

— Menmi? Qo‘limdan hamma ish keladi.

— Ustamisan?

— Shunaqa desayam bo‘ladi.

— Nimanidir yashiryapsan sen bola. — dedi qariya menga ma’noli boqib. — O‘tirib chiqqansan-ov!..

— Bu nima deganingiz? — sal rangim oqarinqirab ko‘zimni olib qochdim.

— Meni aldayman dema. Yerning tagida ilon qimirlasa bilaman.

Indamadim. Xuddi qariyaning gapini eshitmagandek oynadan tashqarini tomosha qila boshladim.

— Xo‘p, — dedi nihoyat kuzatuvchi o‘rnidan qo‘zg‘alib. — Manzilinggacha hali ancha bor. Damingni ol! Faqat yo‘l haqini berish esingdan chiqmasin!

Qariya xonasiga ketgandan so‘ng anchagacha mijja qoqmadim.

Uning so‘nggi sha’masi yuragimda shubha uyg‘otib, battar xavotirim oshib borardi.
DAVOMI BOR...
Manba: hordiq.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Xikoyalar / Mutolaa | Просмотров: 525 | Добавил: MASSARI | Теги: xikoya, Qamoqxonada ko'rgan kechirganlarim | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]