Olov-Olov turk serial

Музыка по альфавиту: A | B | C | D | E | F | G | H | I | J | K | L | M | N | O | P | Q | R | S | T | U | V | X | Y | Z | 0-9

0

Qamoqxonada ko‘rgan kechirganlarim... (2-qism)

Автор: MASSARIкатегория: Xikoyalar / Mutolaaдата: 16.01.2021
YANGI QOTILLIK
Tezkor guruh boshlig‘i past bo‘yli, ozg‘indan kelgan, zaxil yuzli, qirq yoshlardagi mayor edi. U yumshoq kursida oyoqlarini chalishtirgancha telefon orqali kim bilandir sekin-sekin gaplashardi.

— Xo‘sh, buni nega olib kelding? — so‘radi mayor bizni ko‘rgach, o‘rnidan turib go‘shakni joyiga qo‘yarkan.

— Mana, geroin topdik ko‘rpasi ostidan. — nazoratchi yelim xaltachani stol ustiga tashladi.

— Nima? Geroin?.. Kechagina kelib-a?

— Ha, o‘rtoq mayor, geroini bor ekan bu nusxaning.

— Buni tez karserga tashla! — buyurdi mayor lab tishlab. — Yo‘q, avval bir-ikki soat «stakan»da tursin! Undan keyin karserga qamaysan!

Ochig‘i, hali bunday atamalar haqida tasavvurga ega emasdim. Lekin yomon joylar ekanini yuragim sezib turardi. Na iloj? Men bu yerda hech kim emasman. Istashsa, o‘ldirib ham yubora olishadi…

Nazoratchi meni turta-turta aytilgan joyga olib ketdi.

* * *
«Stakan» naq dahshatning o‘zi edi. Birgina odam sig‘adigan, poldan ikki metr pastda joylashgan alohida joy. Temir eshikdan kirgan zahoti mahbus to‘g‘ri pastga tushadi. U yerga bir odam sig‘ar, o‘tirsangiz, ikki oyog‘ingiz bukilib qolardi. Tik tursangiz, baribir uzoq vaqt muvozanat saqlashning iloji yo‘q. Shu qadar sovuq, badbo‘y hidli ediki…

Oldiniga unchalik sezilmadi. Lekin bir soatcha o‘tgandan so‘ng suyak-suyagimdan sovuq o‘tib, titray boshladim.

Oxiri toqatim toq bo‘ldi. Ovozimning boricha baqira boshladim.

— Olib chiqlaring, iflosla-ar! O‘lib qolaman!..

— Namuncha itga o‘xshab akillamasang? — yuqoridagi nazoratchi sovuq kulimsirab menga o‘shqirdi. — Hali bu boshlanishi. Geroin yashirganlarning holi shu. Aqling kirib, ikkinchi marta bu ishni qilmaydigan bo‘lasan.

— Menda hech qanaqangi geroin yo‘-o‘q! — baqirishda davom etdim titrab-qaqshab. — Odamsanlar-ku senlar ham! Qara, manavi qumursqalar chaqib tashlayapti!

— O‘lmaysan! — xoxolab kulib yubordi nazoratchi. — Chiniqasan! Shu sovuqda yana picha tursang, ko‘zing ochiladi, xa-xa-xa-xa!..

Afsus… Men shu gaplardan keyin atigi o‘n daqiqacha dosh bera oldim xolos. Tik turgancha hushimdan ketib o‘tirib qoldim-u, og‘riqlar pasanda bo‘lgandek, sovuq tanamni tark etgandek, vujudim osoyish topdi.

* * *
Ko‘zimni ochganimda, to‘rt devor orasida yotar, a’zoyi badanim sovuqdan qaqshab og‘rirdi.

Jussamni ko‘tarmoqqa tutindim. qurbim kelmadi. Ichim qizigandek tuyulib arang ag‘anab qornimni yerga berib yotdim. Shu ondayoq yo‘tal tuta boshladi. Har yo‘talganimda ichimda nimadir uzilib ketgandek bo‘lar, qayerimdadir kuchli og‘riq turib nafas olishimga xalal berardi.

«Qayerdaman o‘zi? — o‘ylardim tepamdagi darichaga boqib. — Nega bir o‘zim yolg‘izman? Qolganlar qani? Nega sovuq bu yer?..»

Bir mahal eshik ochilib avvaliga zaxil yuzli mayor, ketidan meni «stakan»ga olib kelgan nazoratchi kirishdi.

— Xo‘sh, o‘lmadingmi? — sovuqqonlik bilan tepamga kelib savol tashladi mayor. — Karserimiz yoqib qoldimi deyman-a?.. Ja yastanib yotib olibsan?

Meni yana yo‘tal tutib, savolga javob bera olmadim.

O‘qchib-o‘qchib yo‘talayotganimni ko‘rgan mayor nazoratchiga o‘girilib bosh chayqab qo‘ydi.

— Buni tezda Lenaga olib bor! — buyurdi u nazoratchiga. — Oladiganini olibdi. Endi kerakli dori-darmonlarni berib davolasin. Qolganini keyin gaplashaveramiz.

— Qani, tura olasanmi? — tepamga kelib so‘radi nazoratchi.

Men bosh irg‘ab «yo‘q» ishorasini qildim va yo‘tala boshladim.

— Yaxshisi, zambil olib kelganing ma’qulga o‘xshaydi. — dedi mayor. — Ishqilib sil kasaliga yo‘liqmagan bo‘lsin bu haromi! Bo‘l tez!..

Qolganini eslay olmayman.

Yo‘tal sababmi, qaytadan hushimni yo‘qotibman.

Ko‘zimni ochganimda, karavotda yotar, tepamda oppoq xalat kiygan, moviy ko‘z, mallasoch, yigirma besh yoshlar oralig‘idagi bir qiz yig‘lab o‘tirardi.

* * *
Yo‘q, bunday go‘zal, nigohlari qaynoq qizni umrim bino bo‘lib uchratmagandim.

Jonim og‘riyotganini-da bir muddatga unutib unga jilmayish qildim.

— Xayriyat, hushingizga keldingiz. — tilga kirdi qiz. — Omadingiz bor ekan. Sil kasalining alomatlari ko‘rinmadi sizda. Faqat qattiq shamollagansiz. Bir hafta shu yerda davolansangiz, ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz.

«Turmada ham shunday mehribon odamlar bo‘lar ekan-da! — xayolimdan kechirdim men. — Qara-ya, xuddi onam kabi mehr ko‘rsatyapti. Yonboshimdagi kursi ustiga qaynoq choy, dorilarni terib qo‘yibdi. Nahotki, turmada shunday odamlar bo‘lsa?..»

— Siz kimsiz? — asta shivirlab so‘radim qizdan.

— Men Yelenaman. Turmadagi tibbiy qismning bosh vrachiman. Anavi eshik oldida turgan ikki yigit yordamchilarim. Sanitarlar. Voy, Vadim kelyapti! Siz yota turing!

Men hayron bo‘lib o‘ng yonboshimga o‘girildim. Chamasi menga ukol qilishganga o‘xshaydi. Buni kursida dumalab yotgan shpritsni ko‘rib payqadim.

— Ha, namuncha buning tepasida yopishib qopsan? — shaxdam qadamlar bilan xonaga kirib kelgan tezkor guruh boshlig‘i Vadim Sergeyev Yelenaga o‘dag‘aylay boshladi.

Qiziq, nega unga o‘dag‘aylaydi? Begona qiz bo‘lsa. Nima haqqi bor ekan?..

Faqat Yelenani quchib bo‘sa olgandan keyin fahmladim.

Demak, mayor uning eri.

— Xo‘sh, o‘lmadimi? — mayor mening tepamga kelib o‘qraydi.

— Bu nima deganing? — mayorni urishgan bo‘ldi Yelena. — Ko‘rib turibsan-ku, asta-sekin sog‘ayishga o‘tdi.

— Tezlat! Turmaga yastanib yotish uchun kelmagan. Hali buning qiladigan ishlari ko‘p.

— Men mahbus to oyoqqa turmaguncha qo‘yib yubora olmayman. — dedi Yelena qovoq uyib.

— Unda tepasida o‘tirishni bas qil!

— Nima qipti? Bemorning tepasida o‘tirib, dori-darmon beriladi-ku! Hadeb bo‘lar-bo‘lmasga rashk qilaverasanmi?

— Bo‘pti! O‘zingniyam tiling uzayib ketyapti keyingi kunlarda!

Mayor menga birpas nafrat aralash tikilib turgach, tashqariga yo‘l oldi.

* * *
Ertalab soat o‘nga yaqin uyqudan uyg‘ondim. Ko‘zimni ochganimda xonani xuddi men kabi mahbus kiyimidagi ikki barvasta erkak supur-sidir qilardi.

Yo‘talim hiyla pasanda bo‘libdi. Ammo ichimning qayeridadir kuchli og‘riq sezardim. Og‘riq bemalol nafas olishimga xalal berardi.

Negadir birinchi navbatda Yelenani qidira boshladim. To‘g‘risi, xuddi uni tushimda ko‘rganman-u, hozir battar sog‘inayotgan kabi alang-jalang edim.

Xayriyat, u uzoq kutdirmadi. Ichkariga kirib qo‘lidagi shpritslarni stol ustiga qo‘ydi-da, tepamga kelib karavotning bir chetiga cho‘kdi.

Chamamda Yelenaning ko‘zlari qizarib ketgandek tuyulib, unga qattiqroq tikilib qaradim.

— Xo‘sh, tuzukmisiz? — so‘radi u ko‘z yoshlarini xalatining yengiga artib. — Yo‘talingiz pasayibdi chog‘i…

— Yig‘ladingizmi? — javob berish o‘rniga Yelenaga mehr bilan boqib so‘radim. — Ayting, yig‘ladingizmi?..

— E, qo‘yavering! — qo‘l siltadi Yelena. — Ishda bo‘lib turadi… O‘zingiz-chi?.. Kechagidan durustmisiz?

Men uning katta-katta moviy ko‘zlaridan nigohimni uzolmay bosh irg‘adim.

— Bunday qaramang. — dedi Yelena xijolat tortgan ko‘yi ko‘zini olib qochib. — Anavi sanitarlar erimga shipshitishdan ham toyishmaydi.

— Eringizni yaxshi ko‘rasizmi?

Yelena bu savolimni kutmagan ekanmi, dast o‘rnidan turib nari ketdi. Va shpritslarni qaynatish asnosida urishib bergan bo‘ldi:

— Bunisi bilan ishingiz bo‘lmasin!

* * *
Uch-to‘rt kun deganda o‘rnimdan turib bemalol deraza qarshisiga bora oladigan bo‘ldim. Yo‘talim ham deyarli qo‘zg‘amay qo‘ygandi. Oynadan tashqarini ma’yus kuzatgancha o‘y surar, kelgusi taqdirim haqida o‘zimcha bosh qotirardim. Meni ko‘proq sud jarayoni hayajonga sola boshlagandi.

«Necha yilga qamasharkin? — o‘ylardim men. — Prokurorning so‘zlariga ishonadigan bo‘lsam, o‘n besh yildan kam berishmaydi. Advokat esa aksini gapirdi. Bo‘shatib yuborishlari ham mumkin emish. Qay biriga ishonay? Bularning hammasi bir go‘r emasmi? Ha, ular meni baribir odam o‘rnida ko‘rmasliklari tayin. Negaki, jinoyatchi degan nomim bor. Jinoyatchilarni hech kim oqlamaydi. Kimlardir ulardan qo‘rqsa, yana kimlardir g‘azab aralash boqadi. Faqat… Yelena unaqa emas. Meni tushunadi. Ko‘z qarashlaridan sezaman. Balki yoqtirib ham qolgandir. Aks holda mayor eriga do‘q urib tashlamagan bo‘lardi. Qiziq… Nahotki, ko‘ngli yo‘q bo‘lsa erida? Nega? Afsuski, aytmaydi-da!.. Aytganda-ku, hammasi ravshan bo‘lardi-ya!..»

— Voy-y, tag‘in o‘rningizdan turib oldingizmi? — men Yelenaning jarangdor tovushini eshitgach, seskanib ortimga o‘girildim.

Izg‘irinda ko‘p yurganmi, titrardi. — Nima, tuzalib qolgan kishi bo‘ldingizmi? — koyishda davom etdi Yelena. — Axir, yuz marta aytdim-ku sizga hozircha turish mumkin emas deb!

— Kechiring! — aybdorlarcha bosh egib karavotim tomon yurdim. — Qorni tomosha qilgim kelgandi…

— Yoting, ukolingizni olish vaqti yetdi!

Men yotdim. Yelena apil-tapil dorini shpritsga to‘ldirdi-da, tepamga kelib o‘tirdi va bilagimni charm arqoncha bilan mahkam siqib bog‘ladi.

Oh, u shu qadar menga yaqin turardiki, yarim ochiq siynasiga boqib, taralayotgan xushbo‘y atir hidini hidlab to‘ymasdim. Ignaning jonimni og‘ritayotganini ham his etmasdim.

To‘g‘ri, yetimlikning xo‘rliklardan iborat ko‘chasida kezib ko‘plab ayollar bilan bo‘lganman. Ammo Yelena kabi mehribon, kuyunchagini, dardkashini uchratmaganman. Men bilgan-ko‘rgan ayollar o‘z foydalaridan bo‘lak narsani ko‘zlashmas, muomalalari ham sovuq edi.

Shu tobda muolaja xonasi eshigi taraqlab ochilib ichkariga shahd bilan mayor kirib keldi.

— Voy, maraz-ey! — o‘shqirdi u to‘g‘ri tepamizga kelib. — Endi butunlay yopishib oldingmi bu xunasaga-a?..

Yelena jonholatda bilagimdagi ignani sug‘urdi-da, o‘rnidan turdi.

— Kim yopishib olibdi? — dedi qo‘rqa-pisa Yelena. — Ukol… qilayotgandim. Ko‘rding-ku!

— Ukol qilayotganmish!.. Yopishvolib-a?.. Sal beriroqdan qilsa bo‘lmaydi-da-a shu isqirt ukolni?.. Yo‘-o‘q, sen iflos don olishib yuribsan. Bo‘lmasa, xonangdan chiqolmay qolmasding.

— Tuhmat qilma menga! — hayqirdi Yelena titrab. — Men… Senga o‘xshagan emasman!

— Unda nega siynangni shu haromiga ko‘z-ko‘z qilib o‘tiribsan? Nimaga qapishib o‘tiribsan?

— Qapishganim yo‘q, bildingmi?!. Men ukol qilayotgandim. Nega tushunmaysan?

— Meni ahmoq deb o‘ylama sen battol! Shu o‘tirishda boshqa ish qilib o‘tirgansan.

Yelena bu gapni eshitib beixtiyor yig‘lab yubordi.

Sanitarlar ham janjalga guvoh bo‘lishdan cho‘chib allaqachon juftakni rostlab qolishgan, men bo‘lsam, nima qilishni bilmay yotgan yerimda tosh qotgandim.

— Iflos ekansan! — dedi qon yig‘lab Yelena. — O‘z xotiniga ishonmaydigan it ekansan!

— Nima?..

Mayor yugurib borib xona eshigini tambalab keldi-da, Yelenaning sochlarini changallab pastga bosdi.

— O‘ldiraman sen fohishani!.. — bir qo‘li bilan Yelenani tomog‘idan bo‘g‘a boshladi mayor. — Hammangni o‘ldiraman! O‘ldiraman!

Yelenaning azob iskanjasida ingranib, tipirchilashiga chidab tura olmasdim.

Sakrab o‘rnimdan turdim-u, mayorning yelkasidan g‘ijimlab o‘zimga qaratdim.

Shu orada Yelena eri chalg‘iganidan foydalanib, polda dumalab yotgan pichoqni qo‘liga oldi-da, kuch bilan mayorning bo‘yniga sanchdi. Bu bilan to‘xtamadi. Pichoqni qayta-qayta sanchib olaverdi.

Endi mening kuch ishlatishimga hojat qolmagandi. Hatto, mayorning basharasiga bir martagina bo‘lsin musht tushirishga ham ulgurmadim. U dod solib gir aylana-aylana oxiri polga quladi.

Mayorning dod-voyini eshitib, tashqaridan yo‘lak supurayotgan mahbuslar, yaqindagina chiqib ketgan sanitarlar oldinma-ketin yugurib kirishdi.

Ular tezda hammayog‘i qonga bo‘yalgan, og‘zidan ko‘pik sachrab, deyarli nafas olishdan to‘xtay boshlagan mayorni ko‘tarishdi-da, bo‘sh karavotga yotqizishdi.

— O‘lib qoldi! O‘lib qoldi! — izillardi Yelena goh menga, goh boshqa mahbuslarga javdirab. — Endi nima bo‘ladi?.. Nima bo‘ladi?..

Men darhol Yelenani bag‘rimga bosib deraza tomon yetakladim.

— O‘zingizni bosing! — derdim uni yupatishga urinib. — O‘lmaydi! O‘ziga keladi.

— Y-yo‘q! O‘lib qoldi! Endi… Meni qamashadi! Qamashadi!..

— Qamashmaydi! — dedim karavot tomon ko‘z tashlab…

Ha, mahbuslar joni uzilgan mayorning iyagini boylash bilan ovora edi.

— Sizni qamashmaydi! — takrorladim men yanada dadillanib. — Bunga yo‘l qo‘ymayman!.. Mayorni siz emas, men o‘ldirdim. Bering pichoqni! Bering dedim!..

Yaxshiki, pichoq hanuz Yelenaning kaftlari orasida ekan.

Pichoqni tortib olib sopiga kaftlarimni ishqalay-ishqalay, o‘zim yotadigan ko‘rpa ostiga berkitdim. Va ichkaridagilarga tillarini tiyishni tayinlab, Yelenaning yoniga qaytdim.
DAVOMI BOR...

Теги: xikoya, Qamoqxonada ko'rgan kechirganlarim

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]