Olov-Olov turk serial

Музыка по альфавиту: A | B | C | D | E | F | G | H | I | J | K | L | M | N | O | P | Q | R | S | T | U | V | X | Y | Z | 0-9

0

Qamoqxonada ko‘rgan kechirganlarim... (3-qism)

Автор: MASSARIкатегория: Xikoyalar / Mutolaaдата: 20.01.2021
Harqalay, tutgan yo‘lim ish berdi. Hech kim Yelena haqida lom-mim demadi. Barcha guvohlar turma boshlig‘iga, tezkor guruh a’zolari-yu, prokuratura vakiliga faqat meni qotil sifatida ko‘rsatishdi.

Birinchi bo‘lib meni turma nazoratchilari qo‘llarimni kishanlagan holda navbatchilik qismiga olib kirishdi. U yerdagi zaxil yuzli mayor ham menga tanish edi. Turmaga olib kelishganda, ilk bor o‘shandan «ulush» olganman.

— Tag‘in shumi? — baqirdi u nazoratchilarga «chiqaver» ishorasini qilib. — Hali kelib-kelib bizning hamkasbni o‘ldirishga jur’at etdingmi? Sen-a? Vey, endi tamomsan! Yaqinlaring o‘ligingniyam topa olishmaydi!..

— Mening yaqinlarim yo‘q. — dedim beparvolik bilan. — Endi menga baribir!

Mayor bu gapimni eshitgach, o‘n chandon tutoqdi. Mushtlarini tugib ro‘paramga keldi-da, qulochkashlab o‘ng chakkam aralash musht tushirdi.

Men xonaning narigi burchagiga uchib ketdim. Tishlarim sindi shekilli. Og‘zimdan laxta qon kela boshladi. Ammo mayor mening ahvolimga qarab o‘tiradigan holatda emasdi. Tepamga yaqinlashib duch kelgan yerimga tepa ketdi.

— Mayor, bu nima qilganingiz? — g‘ujanak bo‘lib olgancha hush-behush yotardim-u, qulog‘imga kimningdir dag‘al tovushi aniq kirib turardi. Shu tovush kelgan zahoti mayor meni tepkilashdan to‘xtab nari ketdi.

Jonim sal orom olgan ko‘yi chuqur-chuqur nafas olishga urindim. Afsuski, ich-ichimda paydo bo‘lgan kuchli og‘riqlar nafas olishga yo‘l bermasdi.

— Aqldan ozdingizmi? — o‘shqirdi ovoz egasi. — Kim sizga mahbusni kaltaklashga izn berdi?

— O‘rtoq podpolkovnik, — o‘zini oqlay ketdi mayor. — Vadimning boshiga yetgan mana shu yaramas bo‘ladi, axir!

— Xo‘sh, shuning uchun kaltaklash kerakmidi? Tez o‘ziga keltirib mening kabinetimga olib kiring!

— Xo‘p bo‘ladi!

Mayor qo‘ltig‘imdan tutib meni turg‘azishga tutindi.

* * *
— Bu turolmaydi-yov! — dedi bir menga, bir podpolkovnikka boqib mayor.

— He sizlarga ishonganning uyi kuysin! — podpolkovnik qo‘l siltab tashqariga yurdi. — Vrachni chaqiring! Olib ketishsin!

Ko‘z ochib yumguncha sanitarlar yuz-ko‘zlarimdagi qonlarni artib, Yelenaning xonasiga olib kirishdi.

Uning o‘zi yo‘q edi. O‘rniga o‘rta yoshli, qorachadan kelgan bir erkak bemorlarga qarayotgan ekan. Darhol yaralarimga dori surtdi. Isitmamni, qon bosimimni o‘lchab, yuragimni eshitib ko‘rdi. Shundan so‘ng ukol qilib, ustimni yupqa choyshab bilan yopib qo‘ydi.

— Omadsiz yigit ekansan, uka!

Oradan bir soatcha vaqt o‘tib ko‘zlarimni ochganimda shu yerda supur-sidir qilib yuradigan oltmish yoshlar oralig‘idagi mahbus tepamda o‘tirib, achinish bilan meni kuzatardi.

— Nimalar qilib qo‘yding? Umring xazon bo‘ladi-ku!..

Men indamadim. Gapirish uchun og‘iz ochishga chog‘langanimda, jag‘imda qattiq og‘riq turdi. Og‘zim quruqshab, zo‘rg‘a yutina oldim xolos.

***
To‘rt kun deganda yaralar bitib, isitmam ham tushdi. Qaytadan mustaqil o‘rnimdan tura oladigan, deyarli suvdan iborat yarim kosa sho‘rva, bir burda qora nonni bemalol qo‘limda tutib, yeydigan bo‘ldim.

Xayolimda esa hanuz Yelenaning mahzun chehrasi aylanar, o‘zim emas, faqat uning taqdiri meni qattiq tashvishga solib, yuragim siqilardi.

Tushga yaqin shiftga tikilgancha navbatdagi «mulozamat»larni kuta boshlaganimda, ichkariga o‘zim bilgan turma nazoratchisi kirib keldi.

U astoydil pol yuvayotgan keksa mahbusga qarab olgach, tepamga keldi.

— Xo‘sh, mahbus Sharipov, o‘rningdan tura olasanmi?

Men qovog‘imni uyib ohista bosh irg‘adim.

— Unda men bilan yurasan! — dedi nazoratchi jiddiy ohangda.

— Q-qayerga? — so‘radim garchi yuragim karserga tushishimni sezib tursa-da.

— Advokat kutyapti seni.

— N-nega?..

— Vey, namuncha surishtiraverasan? Bu yerda men savol beraman, tushundingmi?!. Tur tez!

Nazoratchi meni o‘rtasi baland panjara bilan to‘silgan maxsus xonaga olib kirdi. Panjaraning narigi tarafida chamasi o‘ttiz yoshlardagi oq-sariqdan kelgan, moviy ko‘z bir ayol sigaret chekib o‘tirardi.

Panjaraga yaqin kelganim hamono ayol qo‘lidagi sigaretni kuldonga qo‘yib o‘rnidan turdi.

— O‘tiring!

Men kursiga cho‘kdim.

— Chekasizmi?

— Yo‘q.

— Unda o‘zimni tanishtiray. Ismi-sharifim Natalya Chernikova. Sizning advokatingizman. Siz-chi?

— Mahbus Sharipov! — turmaga kelganimdan beri bu taxlit rasmiyatchiliklarga ko‘nikib qolganman. Turmada istaysanmi-yo‘qmi, kerak bo‘lsa yuz martalab o‘zingni tanishtirshga majbur etishlari mumkin. Bosh tortishga haqqing yo‘q. Shu zahoti yo boshingga temir tayoq kelib tushadi, yoki karser bilan qo‘rqita boshlashadi.

— Juda yaxshi. — dedi advokat ayol qaytadan qo‘liga sigaretini olib. — Xo‘sh, nega vijdoningizga qarshi bordingiz?..

Men bu savolni tushunmay, advokatga hayrat aralash boqdim.

— Bu… Nima deganingiz?

— Axir, siz hech kimni o‘ldirmagansiz. Tuhmat qilishgan sizga. Nega o‘zingizcha qahramonlik qilmoqchi bo‘lyapsiz?

— Qahramonlik qilayotganim yo‘q.

— Nega unda haqiqatni aytishdan bosh tortyapsiz?

— Siz hali mendan hech narsa so‘ramadingiz.

— Xo‘p, so‘radim ham deylik. Ilgarigi ishni qo‘yib turaylik. Oxirgisi. Mayor Vadim Sergeyevni siz o‘ldirdingizmi?

— Ha.

— Nega? Qanday qilib?

— U Yelenaga azob berayotgandi.

— Yelena sizga kim bo‘ladi?

— Buning sizga ahamiyati yo‘q.

— Yaxshi. Qanday qilib o‘ldirdingiz?

— Polda pichoq dumalab yotgan ekan. O‘sha bilan o‘ldirdim.

— Afsuski, pichoq sopida siznikidan tashqari yana Yelenaning barmoq izlari borligi aniqlangan.

— Bo‘lsa bordir. Pichoqni Yelena mendan oldinroq ishlatgan bo‘lishi mumkin.

— Sharipov, yolg‘onni eplay olmas ekansiz. O‘ylab ko‘ring, men sizni himoya qilishim kerak. Buni sizning yordamingizsiz amalga oshira olmayman. Nega tushunmaysiz?

— Menga yordamning keragi yo‘q.

— Nima, bir umr turmada o‘tirib, qiynalishni istaysizmi? Bu yerlarning qanaqa joy ekanini bilasizmi?

— Bilaman.

— Juda qo‘pol va qaysar odam ekansiz.

— Shunday tug‘ilganman.

— Konvoy!.. Olib chiqing!

Men bu advokat ayolning qalbida g‘alayon zohir ekanini chuqur his etib turardim. Ha, u astoydil yordam berishni, haqiqatni ro‘yobga chiqarishni xohlayapti. Ammo nima qilay? Ilojim yo‘q. O‘zim yoqtirgan ayolni, xayolimdagi farishtani qamoqqa tiqib qo‘yadiganlardan emasman. Undan ko‘ra, o‘sha jazoni faqat o‘zim o‘tashni ixtiyor etaman. Va bu yo‘lda hech qachon ahdimdan qaytmasligimni ham bilaman.

Konvoy kirdi deguncha ikki qo‘limni orqaga qilib tashqariga yo‘l oldim.

* * *
Tun cho‘kdi. «Sanchast»da ham soat kechki o‘ndan so‘ng chiroqlar o‘chirib qo‘yiladi. Tashqarida faqat nazoratchilarning oyoq tovushlari-yu, navbatchilik qismiga endigina olib kelingan mahbuslarning baqir-chaqirlari, soqchilarning do‘q-po‘pisalari eshitiladi.

Xayriyat, muolajalarim tamom bo‘ldi. Xudo xohlasa, ertaga kameraga qaytaman. Ochig‘i, kamera ancha tinch. Mahbuslarning turli hazil-huzullarini eshitasan.

Faqat kavkazlikka o‘xshagan qo‘rs mahbuslarni hisobga olmasa, kameraning yomon joyi yo‘q. Bu yerda-chi? Kunora o‘zini so‘ymoqchi, osmoqchi bo‘lgan, tomirini kesganlarni olib kirib turishadi. Shirin uyquda yotganingda o‘shalarning hayqiriqlaridan uyg‘onasan. Ularga qarab yuraging battar muzlaydi. O‘zingni o‘shalarning o‘rniga qo‘ya boshlaysan. Ko‘ribsanki, tongga qadar uxlay olmay azobda qolasan…

Bir mahal xonaga kimdir kirib chiroqni yoqdi. Men hali ko‘zimni ochib ulgurmay, ikkinchi qavatda yotgan mahbus sakrab o‘rnidan turdi. U men tengi, aytishlariga qaraganda, nashafurushlik qilib qo‘lga tushgan. Shu gal yettinchi marta qamalishi ekan. Kechagina xumor tutib tomirini kesib tashlagach, bu yerga yotqizishgandi.

— Sen yotaver, Misha! — chiroqni yoqqan turma nazoratchisi edi. — Sharipov, sen o‘rningdan turib kiyimingni kiy!..

— Menmi? — nazoratchining sovuq nigohlari o‘zimga qadalganini ko‘rdim-u, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim.

— Oldimga tush! — buyurdi nazoratchi. — Tezroq bo‘l! Imillama!

Turmaning bir jihati menga yoqqandi. Bu yerda xuddi militsiya bo‘limi yoki navbatchilik qismiga ilk bor qadam qo‘ygan kuningdagi kabi konvoy, nazoratchilar yelkangga miltiq tirashmaydi. Qo‘llaridagi charm tayoqlarni hisobga olmasa, hech bir qurolsiz tinchgina kerakli joyga olib borishadi.

Biz nazoratchi bilan nim qorong‘i yo‘lak bo‘ylab, butkul boshqa tarafga ketib borardik. Ko‘z o‘ngimda faqat karser gavdalanar, shu sababli shoshilmasdan qadam tashlardim. Qizig‘i, nazoratchi ham tezlay demasdi.

Nihoyat uzun yo‘lak tamom bo‘lib, o‘ngga burildik. Bu yerda yashil rangli temir eshik bo‘lib, qiya ochiq edi.

— Devorga o‘giril! — buyurdi nazoratchi. — Shu yerdan qimirlama!

U ko‘z ochib yumguncha ichkariga kirib chiqdi va yana buyurdi:

— Endi ichkariga kir!.. Esingda bo‘lsin, sen turma boshlig‘i podpolkovnik Rafael Nikolayevich huzuriga kiryapsan. O‘zingni yaxshi tutgin! Aks holda…

— Xo‘p bo‘ladi! — nazoratchining so‘zini ma’qulladim men. Va sekin ichkariga mo‘raladim.

Ha, bu o‘sha… Meni mayorning tepkilaridan asrab qolgan odam. Baland bo‘yli, yuzlari ichiga botgan, qorachadan kelgan podpolkovnik oyoqlarini chalishtirgancha yumshoq kursida sigaret tutatib o‘tirardi.

“Demak, bu odam turma boshlig‘i ekan-da!” xayolimdan kechirdim men.

— Kiraver! — dedi podpolkovnik joyidan qo‘zg‘almay. — Anavi yerga o‘tir!

O‘tirib, podpolkovnikning savollarini kuta boshladim.

— Ahvoling qalay, yigit? — muloyimlik bilan so‘radi u.

Ochig‘i, muomalasi biroz ko‘nglimni bo‘shatgandek bo‘ldi. Turmaga kelganimdan beri hech bir ofitser, yoki soqchi, nazoratchilarning yumshoq munosabatini ko‘rmagandim.

— Yaxshi. — dedim ovozimni pasaytirishga urinib.

— Buyog‘iga nima qilmoqchisan?

— B-bilmadim, — dedim tutilib. — Peshonamga yozilgani…

— Peshonangga nimalar yozilganini bilasanmi?

— Bilaman.

— Bilarmish. — podpolkovnik dast o‘rnidan turib tepamga keldi. — Nega o‘ldirding mayorni?

— Ayol kishiga qo‘l ko‘targani uchun.

— Nima, xotini ekanini bilmasmiding? Shuning uchun o‘ldirish kerak edimi?

— Bilmadim.

— Sen yaramas, bilmadim deyish bilan qutulib ketaman deb o‘ylayapsanmi? To‘g‘risini ayt!

— Men to‘g‘risini aytdim.

— Shunaqami? Bilib qo‘y, agar o‘zingni shunday tutaveradigan bo‘lsang, juda qiyin bo‘ladi. Undan ko‘ra, haqiqatni gapir-da, daf bo‘l!

— Menga ishonmayapsizmi? — shu gal uning ko‘zlariga tik boqishga jazm etdim. Boisi, turma boshlig‘i mendan gumonsirayotgani sezilib turar, agar bo‘sh kelsam, haqiqatni gapirishga majburlashiga shubha yo‘q edi. — Men o‘ldirdim o‘sha nusxani!

— Marhumlarni haqorat qilma! — baqirdi podpolkovnik. — Sendaqangi ifloslarning ko‘pini ko‘rganman! Hali shoshmay tur! To‘tiday sayratmasam… Ivanov!..

Nazoratchi shu ondayoq ostonada paydo bo‘ldi.

— Olib borib, anavi… Chelidze o‘tirgan kameraga qama buni!

— Xo‘p bo‘ladi!..

— Ana o‘sha yerda esing kirib qolsa ajab emas. — dedi kinoya aralash podpolkovnik chiqib ketayotganimda. — Mulla mingan eshakday yuvoshtirib qo‘yadi u seni!..
DAVOMI BOR...

Теги: Qamoqxonada ko'rgan kechirganlarim, xikoya

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]