наверх
Главная » Новости » Xikoyalar / Mutolaa
10:40
Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (5-qism)

Shu kecha tinch uxladim. Nazoratchilar ham eshikni ochib kiraverib bezovta qilishmadi. Negadir navbatchilik qismida ham baqir-chaqirlarni eshitmadim.

Badanimdagi yaralar hali bitib ulgurmagan bo‘lsa-da, deyarli og‘rimas, faqat qur-qur yo‘tal tutganda, ichaklarim buralib azob berardi.

Kunni qop-qora, siqsa suvi chiqadigan non va sovuq suv, ichida bir-ikkita piyoz, qoraygan sabzi bo‘laklarigina suzib yurgan «sho‘rva» bilan o‘tkazgan bo‘lsam ham kayfiyatim kechagiga nisbatan birmuncha yaxshi edi.

Shom mahaliga borib darichadan tashqariga qaradim. Uzun simga nimadir osilgan, sim esa nuqul silkinardi.

“Menga javob kelganga o‘xshaydi, — o‘yladim ichimda. — qani, olib ko‘ray-chi!..”

Karavot ostiga berkitilgan tayoqcha yordamida simga osilgan xatni oldim va shosha-pisha ochdim.

Xatda: «Kechqurun soat 22: 00 da… falon kameraga «qonundagi o‘g‘ri» (vor v zakone) ning huzurida bo‘lishing shart. Nazoratchi kuzatib boradi.» deb yozilgandi.

Hayron bo‘ldim. Kim u qonundagi o‘g‘ri? Nega bunaqa deb atashadi? Yo o‘g‘rilarning kattasimikan? Ha, shunday bo‘lsa kerak. Ammo… Turmada nima qilyapti u? Kattasi bo‘lsa, ozodlikda yurmaydimi? Menda nima ishi bor? Mayli, o‘g‘ri ekan-ku! Harqalay kallakesar degan nomim bor. Nimasidan qo‘rqay. Borsam boraveraman-da!

Haqiqatan, kechqurun kamera eshigi ochilib, umuman begona bir xomsemiz nazoratchi ichkariga kirdi.

— Qani, oldimga tush! — dedi u dag‘dag‘a bilan. — Bir joyga borishing kerak!

— Qayergaligini bilsak bo‘ladimi, kamandir? — atayin talmovsirab so‘radim men. — Tergovgami?

— Borganingda bilasan, mishiqi! — battar o‘dag‘ayladi u. — Yur degandan keyin yuravermaysanmi?

Men masxaraomuz jilmaygancha tashqariga yo‘l oldim.

* * *
Bu yerga kelganimdan beri faqat turmaning bir qisminigina ko‘rgan ekanman. Biz oldinma-ketin deyarli turmaning yarmini aylanib chiqib, bir chetdagi kameralarning biri ro‘parasida to‘xtadik.

— Sen devorga o‘girilib qo‘llaringni orqaga qilib tur! — dedi nazoratchi kamera tuynugini taqillatish asnosida.

Tuynuk ochilib kimningdir kal boshi ko‘rindi.

— Olib keldim! — dedi nazoratchi unga.

Bosh qimirlab «ma’qul»ishorasini qildi va nazoratchi qo‘lidagi kalit bilan kamera eshigini ochdi.

— Qani, ichkariga kir!

Ajabo! Bu yer agar beton devorlarni, daricha-yu, temir eshikni aytmasa, mo‘’jazgina kvartirani eslatardi.

Chapga karavot qo‘yilgan. To‘shaklar ustiga oppoq choyshablar to‘shalgan, bosh tomonda pahmoq bolish. Bir burchakda televizor, yonida kattakon magnitofon… Sal narida esa yumaloq stol. Stol ustiga bir shisha konyak va shokolad qo‘yilgan.

Qizig‘i, karavotlardan birining biqinida joylashgan oromkursida keng yelkali, sochlari ustarada qirib tashlangan, nari borsa mendan ikki-uch yosh kattaroq rus yigiti o‘tirardi. Egniga yangi sport kostyumi kiyib olgan, tepasida boya tuynukdan mo‘ralagan kalbosh tik turar, o‘tirganni nuqul katta sochiq bilan yelpirdi.

Yigit meni ko‘rgach, nomiga bir-ikki qimirlab qo‘ydi-da, nazoratchiga «chiq» ishorasini qildi.

“Bu kim o‘zi? — xayolimdan kechirdim men turma nazoratchisining qulluq qilgancha tashqariga chiqib ketishidan hayratga tushib. — Kallakesarga o‘xshamaydi. Chunki, bilagida mendagi kabi suratlar yo‘q. Unda nega o‘tirgan yerida buyruq beradi?..”

— O‘tir! — xayolimni bo‘lib menga ro‘paradagi kursini ko‘rsatdi u. — Namuncha bo‘shashmasang? O‘tirsang-chi tezroq!..

Men kursiga cho‘kdim.

— Xo‘sh, ishlar qalay, yigit? — so‘radi meni mensimaygina boshdan-oyoq kuzatarkan.

— Yomon emas. — javob qildim xotirjam ohangda.

— Shunaqa degin? — yigit kalboshga ma’noli qarab qo‘yib, o‘rnidan turdi. — Nima ish qilib qo‘yganingni bilasanmi?

— Hech bir ish qilganim yo‘q. — dedim uni tushunmay. — Hamma qatori jazoni o‘tayapman.

— Yo‘g‘-e! — sovuq tirjaydi yigit. — Aytgancha, meni taniysanmi?

— Yo‘q.

— Kel, tanishaylik unda! Roma!

— Xo‘jayin, qulog‘im sizda! — kalbosh shosha-pisha qo‘lidagi sochiqni karavotga tashlab qarshimizda hozir bo‘ldi.

— Bu hali meni tanimas ekan. — dedi yigit. — Nima qilamiz?

— Tanitamiz-da, xo‘jayin!

Kalbosh meni kaltaklash niyatida qo‘lini ko‘tardi.

— O‘zingni bos, Roma! — uni qaytardi yigit. — Baribir bunga kuching yetmaydi. Xo‘sh, oting nima?

— Murod!

— Meniki Saveliy… Nega mentlarga xizmat qilyapsan, Murod?

— Kimga xizmat qilibman?

— O‘zing bilarsan? Shuniyam men eslatishim kerakmi?

— Men hech kimga xizmat qilganim yo‘q.

— Bekor qilasan, Murod! Bu ishing yaxshi emas. Sendaqalar faqat adolat uchun kurashishi lozim edi. Mayli… Ko‘rgulik-da!.. Xomlik qilgansan… Ichasanmi?

Men stol ustidagi bir shisha konyakka qarab olib:

— Yo‘q demayman, — deb qo‘ydim.

— Voy surbet-ey! — so‘kindi allaqachon Saveliyning tepasiga borib olgan Roma. — Bizning konyakdan-a?..

— Nima bo‘pti? — tag‘in uni qaytardi Saveliy. — Ichsin! Faqat bizning idishdan emas, hov anavi yerda dumalab yotgan kosaga quyib ichadi.

— Ol kosani, itdan tarqagan! — baqirdi Roma turgan yerida.

— Olmasam-chi?

— Nima?..

Roma xezlanib men tomon otildi.

— To‘xta! — sekin yurib kelib uning yelkasini changalladi Saveliy. — Bu bizning mehmonimiz. Qo‘pollik qilsak, gunoh bo‘ladi. Mayli, ichgisi kelmasa, ichmasin!..

Saveliy Romani karavotga o‘tqazib yana ortga qaytdi.

— Murod, — dedi u bosiqlik bilan. — Sen prokurorning gapiga kirib unga xizmat qilib qo‘ygansan. Shuni bilasanmi?

— Ha, — javob qildim tavakkaliga. — Nima qipti?

— Turma qonunlarini bilmaysanmi nima balo?

— Juda yaxshi bilaman.

— Xo‘sh, sotqinlarga qanday jazo tayinlanishiniyam bilasanmi?

— Men hech kimga sotqinlik qilganim yo‘q.

— Yo‘q, sotqinlik qilgansan. O‘z maqsading yo‘lida prokurorning nog‘orasiga o‘ynagansan. Afsus… Endi seni juda katta sinovlar kutyapti… Ming afsus…

— Qo‘rqitaverma! — dedim bo‘sh kelmay. — Sen o‘ylagan qo‘rqoqlardan emasman.

— Shunaqami? Juda yaxshi. Ko‘ramiz. Jenya!

Shu zahoti kamera eshigi ochilib, xomsemiz nazoratchi kirib keldi.

— Olib ketishing mumkin!

— Qani, oldimga tush!

Men Saveliy va Romaga bir-bir qarab oldim-da, itoat bilan tashqariga yo‘l oldim.

* * *
O‘zim kirishim kerak bo‘lgan kamera ro‘parasiga kelib to‘xtaganim hamono nazoratchi do‘qlab berdi:

— To‘xtama!

— Nega? — yelka qisgancha unga o‘girildim. — Kameraga yetib keldik-ku!

— Seni Vasiliy Ivanovich kutyapti! — dedi nazoratchi hiyla ovozini pasaytirib.

Bu gapni eshitdim-u, beixtiyor yuragim g‘ash tortdi.

“Nahotki, hammasining tili bir bo‘lsa? — o‘yladim men. — O‘g‘riboshi, prokuror bir bo‘lib adabimni berishmoqchimi? Qaysi gunohlarim uchun? Nega bu qadar sirli ish tutishadi?..”

Vaqt allamahal bo‘lib qolgani boismi, turma ichkarisida ham sukunat hukm sura boshlagandi. Faqat tashqaridagi soqchilarning ahyon-ahyonda so‘kinib qo‘yishlari quloqqa chalinadi.

Navbatchilik qismi eshigi lang ochiq ekan. Ichkarida mayor Vasiliy Ivanovichdan bo‘lak hech kim ko‘rinmadi. U xona o‘rtasidagi kursida oyoqlarini chalishtirgancha o‘tirib sigaret tutatar, stol ustida yarimlagan aroq, atrofida ikki-uchta tuzlangan bodring bo‘lakchalari sochilib yotardi.

— Mumkinmi, o‘rtoq mayor? — ostonadan turib kirishga ruxsat so‘radi nazoratchi.

Mayor kayfdan qizarib ketgan ko‘zlarini katta-katta ochib ikkalamizga alam aralash bir muddat tikilib qoldi va nihoyat qo‘lini nazoratchiga paxsa qilib buyurdi:

— Sen daf bo‘l! Anavi iflos, mishiqi ichkariga kirsin!

Buyruq bajarildi. Men ikki qo‘limni orqaga qilgan ko‘yi mayor Vasiliy Ivanovich qarshisida qaddimni g‘oz tutdim.

Ochig‘i, bu yerga nima sabab bilan olib kelinganimni juda yaxshi payqab turardim. Bo‘lib o‘tgan ishlar bu nusxaning qulog‘iga ham yetib kelgan. Aks holda… To‘xta, o‘g‘riboshi Saveliy bilan buning qanday yaqinligi bor? Axir, meni o‘shaning oldidan to‘g‘ri bu yerga olib kelishdi-ku!..

Mayor birpas menga nafratli nigohlarini tikib jim qoldi. So‘ngra qo‘lidagi aroq to‘la stakanni polga urdi. Stakan chil-chil sinib, har tarafga sochilib ketdi.

— Iflos! — gandiraklagancha o‘rnidan turib ketdi mayor. — Hozir senga ko‘rsatib qo‘yaman!..

U gandiraklab borib eshikdan yo‘lakka mo‘raladi-da, baqira boshladi:

— Soqchilar! Qay go‘rga gum bo‘ldilaring? Tez buyoqqa kel!..

Ko‘z ochib yumguncha qo‘lida charm tayoq tutgan ikki askar paydo bo‘ldi.

— Manavini o‘n uchinchi kameraga olib borib tiqlaring! — buyurdi mayor meni ko‘rsatib. — Faqat tez bo‘llaring!..

Askarlar buyruqni eshitganlari zahoti ikki qo‘ltig‘imdan mahkam siqib tashqariga olib chiqib ketishdi.

To aytilgan kameraga yetgunimcha mayorning so‘kinishlari qulog‘imga chalinib turdi.

— Itdan tarqagan sotqin! Sotqin!..

* * *
Kamerada uch erkak papiros tutatgancha o‘tirishar, biri past bo‘yli, oddiy maykada, ikkinchisi yuzi va o‘ng bilagi chuqur chandiqli, ko‘kko‘z edi. Uchinchisi esa baland bo‘yli, ozg‘in, qirraburun.

Ular meni ko‘rishlari bilan nazoratchiga ham e’tibor bermay, kulib yuborishdi.

— O‘, mehmoncha kep qoldi! — qichqirdi chandiqlisi. — Qachondan beri kutamiz-a buni! Qani, burchakka o‘tib o‘tir!..

Bu orada nazoratchi ham masxarali tirjayish qilib tashqariga yo‘l oldi va kamera eshigini qulfladi.

— Qani, yigitning guli, — chandiqli, ko‘kko‘z mahbus menga yaqin kelib yelkamga qo‘lini qo‘ydi. — Biz yuborgan «sovg‘a»ni oldingmi?

Men uning masxaraomuz muomalasidan jahlim chiqib chuqur xo‘rsindim va labimni tishlab o‘zimni sal orqaga oldim.

— Nega indamaysan? — sovuq tirjayib so‘rashda davom etdi u. — Yo olmadingmi?

— Qanaqa sovg‘a?

— Qanaqa bo‘lardi? Ichida «Sizni sevaman» deb yozib qo‘yilgandi.

— Nima?.. Hali…

Uch mahbus baravariga kulib yuborishdi.

— Ha, seni hammamiz sevamiz! — luqma tashladi past bo‘ylisi. — Bu kecha biz seni yaxshilab «mehmon» qilamiz!..

— Ifloslar!.. — men ortiq chidab tura olmasdim. Qarshimdagi chandiqli mahbusga tashlanib bo‘ynidan bo‘g‘a boshladim.

Mahbusni shu qadar qattiq bo‘g‘dimki, hash-pash deguncha xirillay boshladi.

Qolganlari esa menga yopishib, ikkalamizni ayirish payiga tushishdi. Biroq kuchlari yetmasdi.

Shu payt boshim aralash qattiq buyum kelib tushdi.

Ko‘zlarimdan o‘t chaqnab ketgandek bo‘ldi.

Shilq etib o‘ng yonboshimga suyandim-u, hushimdan ketdim…
DAVOMI BOR...
Manba: hordiq.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Xikoyalar / Mutolaa | Просмотров: 254 | Добавил: MASSARI | Теги: xikoya, Qamoqxonada ko'rgan kechirganlarim | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]