наверх
Главная » Новости » Kino va Serial yangiliklari
01:43
Usmoniy turklar tarixidan: Ko‘sem sultonning kelajak taqdiri qanday kechadi?..

QULLIKDAN MALIKALIKKA ELTUVCHI YO‘L
Asli gretsiyalik, o‘sha zamon qonunlariga ko‘ra, Istambulga qul qilib olib kelingan Anastasiya taqdir taqozosi bilan Sulton Ahmad saroyiga tushib qoldi. Sulton unga ko‘ngil qo‘ydi. Anastasiyaga oldin Mohpaykar, keyinroq Ko‘sem (to‘daboshi) ismini berishdi.

To‘g‘ri, sulton Ahmad davrida barchaning Ko‘semga havasi kelardi. Chunki u vafodor yor, mehribon ona, uddaburon ayol sifatida saroydagilarning e’tiboriga tushdi.

Sulton Ahmad Ko‘semga o‘zining iltimosiga ko‘ra vaqf, ya’ni, xayriya ishlari bilan shug‘ullanishga ham izn berdi. Bu ishi uchun g‘aznadan keraklicha mablag‘ ajratildi. Ko‘sem eri Ahmad davrida hukumat ishlariga deyarli aralashmagan.

Asosan farzandlari tarbiyasi, haram yumushlari bilan band bo‘lgan. Ko‘semning asl basharasi Usmon taxtga o‘tirgach, ochila boshladi. Barchaga ma’lum, Usmon Mohiro‘z ismli kanizakning o‘g‘li. Mohiro‘z eski saroyga surgun qilingan. U olamdan o‘tgach, Usmonni Ko‘sem sulton asrab olgan. Usmon uni yaxshi ko‘rardi.

Ammo o‘gay aka-ukalariga Ko‘sem ko‘proq e’tibor beradigandek, o‘gay bo‘lgani uchun unga kam mehr berayotgandek tuyulardi. Ko‘semga alamzada edi. Ko‘sem esa allaqachon vazirlar, yanicharlar, oddiy xalq vakillari orasida mehribon ayol, volida sifatida mashhur bo‘lib ulgurgandi.

U yuzlab uysizlarga joy bergan, ochlarning qornini doimiy ravishda to‘yg‘azib kelgan. Yanicharlar, sipohlar o‘rtasida adolatli va kuyinchak, uddaburon malika sifatida taassurot uyg‘otgan.

SЕN PODSHOMI, MЕN PODSHO?..
Usmon taxtni egallab, ukasi Mehmedni qatl etgach, Ko‘sem oyoqqa turdi. Rostakamiga hukumat ishlariga aralashish payida bo‘ldi. Biroq bu amali aqli kalta Mustafo ikkinchi marta taxtdan tushirilib, o‘rniga Ko‘semning o‘g‘li Murod IV taxtga o‘tirgandan keyin qizg‘in tus ola boshladi. To‘g‘ri, Murod o‘n yoki nari borsa o‘n bir yoshligida taxtga o‘tirdi. Shu sababli hukumat a’zolari Ko‘semning regent sifatida faoliyat yuritishiga rozilik bildirishdi. Ko‘sem to o‘g‘li voyaga yetib mustaqil tarzda imperiyani boshqara oladigan bo‘lguncha davlat ishlarida keragidan ortiqroq tajriba to‘pladi. Avvalgidek yanicharlar, sipohlar, hukumat a’zolarining asosiy qismi faqat Ko‘semning buyrug‘iga itoat etishardi. Murod ulg‘aygach, ona-bola orasiga xuddi shu yakka hokimlik, taxt sovuqchilik soldi. Endi Ko‘sem o‘z farzandiga qarshi ochiqchasiga kurash boshladi.

Buni bekitiqcha devon majlisi uyushtirishi, saroyda hukumat miqyosidagi muammolarni hal etishidan bilib olish qiyin emasdi. Aynan taxt jazavasi sabab bo‘lib u kunlardan bir kuni jiddiy xastalikka yo‘liqqan Murodning tuzalib ketishini xohlamadi. Hokimiyat bu ayolni shu qadar jazavaga solib qo‘ydiki, saroy bosh tabibi zimmasiga xastalikni davolamasdan, asta-sekin Murodni battar yomon ahvolga solishi mumkin bo‘lgan, o‘lim sari yetaklaydigan dori tayyorlash vazifasini yukladi. Yana maqsadiga yetdi. Tabib Murodni tobora jar yoqasiga eltuvchi alohida dori bilan “siylay” boshladi. Oxiri dori o‘z kuchini ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay sulton Murod yorug‘ dunyoni tark etdi.

“XOR BO‘LIB O‘LGIN, ONA!..”
Ko‘sem sulton ham baribir ona-da. Ketma-ket farzandlaridan ayrilishi, ya’ni, oldin Usmon, keyin Mehmed, undan keyin Qosim, mana endi Murodni narigi dunyoga kuzatish baribir uning ruhiyatiga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Lekin ortga yo‘l qolmagan. Qolaversa, hanuz yuragining bir chetida o‘lgan bolalari uchun kuysa, qolgan bir chetida hokimiyat, yakkahokimlik balosi charx urardi. Nima bo‘lganda ham bir kuni Istambulda mashhur jodugar kampirnikiga tashrif buyurib, kelajagi haqida aytib berishini so‘radi.

— Sen hali-veri o‘lmaysan, — dedi jodugar ochiqchasiga. — Hali qolgan yaqinlaringni ham qabrga kuzatib qo‘yishing kerak. Har bir farzandingni qabrga qo‘yasan. Shu o‘tda keragicha kuyasan…

Shunday bo‘lib ham chiqdi. So‘nggi farzandi sulton Ibrohimni oldin zindonga tashlab, keyinchalik qatl etishga farmon berdi. Jallodlar himoyasiz aqli kalta o‘g‘li, sulton Ibrohimni bo‘g‘ib o‘ldirayotganda, Ibrohim ovozining boricha uni qarg‘adi.

— Iloyim sen ham mendan battar xor bo‘lib o‘lgin, volida! — deya qarg‘adi Ibrohim o‘shanda qon yig‘lab. — Shunday o‘lim topginki, itga ham sen topgan o‘lim nasib etmasin!..

KO‘SЕM SULTONNING OLTINLARI
“Yiqilgan kurashga to‘ymas” deganlaridek, Ibrohim o‘ldirilib, taxt vorisligiga nabiralaridan biri o‘tirishi lozim bo‘lgach, Ko‘sem ortga qaytish haqida o‘ylab ko‘rmadi. Yanicharlar, sipohlar yordamiga umid bog‘ladi. Taxtga boshqa bir nabirasini o‘tqazishni xohladi. Shunday qilsa, imperiya taxti yana o‘ziga qolishidan umid qildi. Bundan tashqari, unga bir umr sodiq xizmat qilgan, Ko‘semga ko‘ngil bergan, Ibrohim davrida bosh vazir lavozimida xizmat qilgan Kamonqosh yonidaligi uchun xotirjam edi. Saroyda esa nabirasining onasi, kelini Turxon sulton allaqachon hokimiyatni o‘z qo‘liga olganidan bexabar edi.

Ibrohim o‘lish pallasiga yaqin kelishuvga erishgani unga tasalli berardi. Turxon ayyor chiqib qoldi. Ko‘sem ajoyib kunlarning birida kechasi saroyga hujum qilib hokimiyatni o‘z qo‘liga olish harakatiga tushganidan xabar topdi-yu, sipohlarga pul berib o‘z tarafiga og‘dirdi. Oqibatda sipohlar unga qarashlilarning barchasini o‘ldirdi. Ularga qo‘shib haramdagi kanizaklari ham qilichdan o‘tkazildi. Kamonqosh, yana bir xos soqchisi Dalli Husayn ham sipohlar qo‘lida jon berdi. O‘zi esa… Jon shirin-da. Saroyning hech kim bilmas hujrasiga umr bo‘yi to‘plagan boyliklarini berkitgan ekan. Uni izlab o‘sha yerga kirib kelganlar ham hayratdan yoqa ushlashdi. O‘shalarning biri Yusuv ismli sipoh edi.

Qachonlardir Ko‘semning farmoniga ko‘ra otasi o‘ldirilgan. U 10 yasharligida yetim qolgan. Gunohini yuvish uchun Ko‘sem Yusufni o‘z qanoti ostiga olgandi. Ammo Yusuf ulg‘ayib haqiqatdan ogoh bo‘lgach, otasining o‘chini olishga ahd qilgan ekan. Ko‘semni Turxon sultonning yordamchilaridan biri bilan birga saroyga sudrab chiqdi va bo‘g‘ib o‘ldirdi. Birinchi marta o‘lgandek edi. Turxon sulton ixtiyorida bo‘lgan kanizaklar Ko‘sem indamay qolganini o‘lganga yo‘yib egnidagi kiyimlarga qadalgan qimmatbaho taqinchoqlar, toshlarni talashib-tortishib yulib ola boshlashdi. Shunda Ko‘sem daf’atan o‘rnidan turib ketdi…

Yo‘q, bu ishni shunday qoldirib bo‘lmasdi. Yusuf ikkinchi bor uni bo‘g‘a boshladi. Bu gal adashmadi. Ko‘sem sulton marhum o‘g‘li Ibrohim qarg‘aganidek xorlikda, sharmandalikda, qiynala-qiynala jon taslim qildi. Shuning bilan Ko‘sem sulton saltanati tugatilib, usmoniy turklar imperiyasiga Turxon sulton ega chiqdi.
Manba: hordiq.uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Kino va Serial yangiliklari | Просмотров: 1744 | Добавил: MASSARI | Теги: Ko'sem, Turk serial | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]