наверх
Главная » Новости » Sport yangiliklari
20:59
Yangi davr. «Oltin to'p» da`vogarlari haqida

Rafael Varan - yakunlangan futbol mavsumining eng muvaffaqiyatli futbolchisi. U klubi bilan Yevropadagi eng nufuzli sovrinni, terma jamoasi bilan esa, jahon chempionligini yutib oldi. Bir paytlar Kannavaroni yoki Zammerni eng yaxshi deb atagan jurnalistlar uchun balki shu ham kifoya qilardi, ammo bu sovrin uchun haqiqiy da`vogarlar talaygina. Eng muhimi, biz nihoyat Messi-Ronaldu davriga yakun yasashimiz va 2007 yildagi Kakadan so'ng ilk bor, dunyoning eng yaxshi futbolchisi turadigan podiumda boshqa futbolchini ko'rishimiz mumkin. Nazarimda, ovoz berish jarayonida ham eng muhim faktor shu bo'ladi – axir futbol keyingi qadamini tashlashi uchun ham yangi qahramonlar kerak emasmi?

Nomzodlarni bir-bir saralar ekanmiz, yangi qahramon roli rostdan ham futbol olamida yangi charaqlagan yulduzga emas, biz anchadan beri kuzatib yurgan futbolchiga topshirilishi mumkinligini ko'ramiz. Va bu ham tabiiydek tuyuladi, axir Ronaldu va Messi davriga chek qo'yish qandaydir yosh futbolchi emas, mana shunday tajribali yelkalar zimmasiga tushishi mantiqan to'g'ri emasmi?

LIONeL MeSSI
Jahon chempionati oldidan, Ispaniya chempionati va kubogini yutgan Messi uchun «Oltin to'p» u qadar uzoq ko'rinmayotgandi. Buning uchun Argentina terma jamoasi mundialda munosib ishtirok etishi talab etilardi. Ammo Messi va uning jamoasi guruh masalasini zo'rg'a hal qilib, uyog'iga bir qadam ham qo'ya olishmadi.

Juft yillarda, ya`ni jahon yoki Yevropa chempionati o'tkaziladigan mavsumlarda xalqaro sovrin yutmay turib «Oltin to'p»ni qo'lga kiritish qiyin. Qizig'i, mana shunday sharoit ostida so'nggi yillarda faqat Messi «Oltin to'p» yuta olgan. 2010 va 2012 yillarda Messi na terma jamoasi bilan turnirni, na «Barselona» bilan Yevropa Chempionlar Ligasini yutgan bo'lishiga qaramasdan, «Oltin to'p»ga ega chiqqandi (Undan oldin faqat 1994 yildagina Xristo Stoichkov hech qanday xalqaro sovrinsiz «Oltin to'p»ni qo'lga kiritgan).

Bu safar unday bo'lmasa kerak. 2010 yoki 2012 yillarda «Barselona» va Messi Yevropadagi eng kuchli futbolni namoyish qilgan, shuningdek, argentinalik hujumchi to'purarlik bobida juda yuqori ko'rsatkichlarni namoyish qilgandi. Bu safar esa, har qanday yo'nalish va o'lchovda hisoblasak ham, Messi bilan samaradorlik bobida kurashishi mumkin bo'lgan yorqinroq nomzodlar bor.

KRIShTIANU RONALDU

Odatiy yillarda bunaqa paytda Krishtianu Ronaldu katta farq bilan «Oltin to'p»ni qo'lga kiritishi kerak edi. «Real» Yevropa Chempionlar Ligasida g'olib chiqdi, jahon chempioni bo'lgan Fransiya terma jamoasi tarkibida barcha ovozlarni o'zi to'playdigan yaqqol yetakchi yo'q edi. Ronaldudan boshqa yana kim eng nufuzli individual sovringa da`vogar bo'lishi mumkin? Yo'q, yuqorida aytilganidek, bu safar hammasi boshqacha.

Birinchidan, Ronaldu aytaylik, o'tgan yil kabi «Real»ni bir o'zi yelkasida finalgacha olib chiqmadi. Yarim final va final o'yinlarida umuman boshqa futbolchilar – Benzema va Beyl qahramonga aylanishdi. Umuman o'tgan mavsum «Real»ning Ronaldudan ozod bo'lish davri deb atalishi va ayniqsa, yangi mavsumda «Real» Ronaldusiz ham kuchli o'yin ko'rsatayotgani, aksincha, Ronaldu Italiyada avvalgi goleadorligini namoyish qila olmayotgani ovoz beruvchilarga ta`sir ko'rsatishi mumkin.

Ikkinchidan, Portugaliya terma jamoasi xuddi Argentina singari, nimchorak finaldayoq mundialni tark etdi. Urugvay kabi u qadar top bo'lmagan raqibga mag'lub bo'lindi. Ronaldu esa, ispanlar bilan o'yindagi harakatlari bilan yodda qoldi xolos.

Uchinchidan, bu safar «Real» safida Ronaldu soyasidan chiqa olgan va rostdan ham, juda muhim o'rin tutgan boshqa futbolchi bor. Va o'sha futbolchi jahon chempionatida ham juda kuchli o'yin namoyish qila oldi – Luka Modrich.

To'rtinchidan esa, futbol jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari, hatto La Liga ham Messi va Ronaldu qarama-qarshiligidan zerikkandek. Bu safar ularning ikkisini ham tanlamay turib, adekvat qaror qilish mumkin bo'lib qolgani ovoz beruvchilar uchun ajoyib imkoniyat.

Bu safar Ronaldu «Yuventus» darvozasiga urilgan goli bilan «Pushkash mukofoti»ni o'ziniki qilishi mumkin. U bu sovrinni 2009 yilda ham qo'lga kiritgandi. O'sha gol ham YeChL chorak finalida urilgandi. Qizig'i aynan o'sha yili u o'z jamoasi almashtirgan va aynan o'sha yili «Oltin to'p»ni egasi sifatida, bu sovrinni Messiga boy berib qo'ygandi.

MUHAMMAD SALOH
Jahon chempionati oldidan Muhammad Saloh «Oltin to'p» uchun eng asosiy nomzodlardan biri bo'lib turgandi. Angliya chempionatida va Yevropa Chempionlar Ligasida eng ko'p gol urgan hujumchi Misr bilan birgalikda mundialda biror natija ko'rsatishini hech kim kutmagan bo'lsa-da, aynan mundial tufayli Salohning ba`zi raqiblari o'z imkoniyatini oshirib olishdi. Bundan tashqari, Saloh «Liverpul»dagi sermahsulligini biroz yo'qotib qo'ygandek. Klopp jamoasida avgustdagi o'yinlarda Sadio Mane asosiy ishlarni bajardi.

Umuman olganda, Saloh kabi terma jamoasi u qadar kuchli bo'lmagan futbolchilar uchun ko'proq toq yillarda «Oltin to'p»ni kiritish imkoniyati oshadi. Balki Muhammad Salohning yulduzli onlari va uning e`tirofi navbatdagi mavsumlarga to'g'ri kelar?

ANTUAN GRIZMANN
Hali «Oltin to'p»ga uzoq, ammo FIFA tomonidan yilning eng yaxshilariga nomzodlar orasida jahon chempionlarining yo'qligi ko'pchilikning, ayniqsa fransuzlarning g'azabini qo'zitdi.

Ammo tan olish kerak, agar eng yaxshilar jahon chempioni bo'lgan terma jamoadan qidirilishi kerak bo'lgan taqdirda ham, Fransiya tarkibida ovozlar bir necha futbolchi orasida bo'linib ketgan bo'lardi. Mbappe juda yorqin o'yin ko'rsatdi, bir qator muhim gollar urdi, ammo terma jamoani bemalol usiz tasavvur qilish mumkin. Pogba maydon markazida va maydon tashqarisida yaqqol yetakchilik qildi, ammo klub safidagi beqaror o'yinni nima qilamiz? Ular orasida Yevropa Ligasini ham yutib olgan Grizmann nomzodlikka yaqinroqdek ko'rinadi, balki «Oltin to'p» so'rovnomasida u yuqori o'rinlardan birini olar.

Ammo quyidagi futbolchining klub darajasidagi yutuqlari va terma jamoa g'alabalaridagi ta`siri Antuannikidan ancha katta bo'lganini hech kim inkor etmasa kerak.

LUKA MODRICh
Yevropaning o'tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchilari aniqlandi va bu ruyxat to'lig'icha «Real» vakillaridan iborat bo'ldi. Ramos, Ronaldu kabi futbolchilar o'rin olgan da`vogarlar ichida bosh sovrin Luka Modrichga topshirildi. Bu hamma uchun oddiy holdek tuyuldi, hech kim hayron bo'lmadi. Aynan shu omil Modrichning «Oltin to'p» uchun ham asosiy da`vogarga aylantiradi.

Xorvatiya terma jamoasi ko'pchilik uchun kutilmaganda, finalgacha yetib bordi. Fransiya tarkibidagi Grizmann yoki Mbappe emas, aynan Modrich ko'proq favorit bo'lib qolayotganining sababi faqat Chempionlar Ligasi emas. Xorvatlar tarkibida shundoq ham top yulduzlar kam edi va agar qidirilsa, eng birinchi nazar albatta Luka Modrichga tushardi. Modrich ko'p gol urmadi, golli paslari soni ham katta emas, ammo maydonning har bir xududida to'p uchun kurashishi, jamoasi o'yinini nazorat qilishi, umuman yetakchilik xususiyati bilan barchaning e`tiborini o'ziga qaratdi. Umuman, gollari yoki hujumning yakunidagi ishtiroki uchun emas, aynan o'yinni tashkil qilishdagi mahorati (Zidan, Nedved) yoki yetakchiligi (Kannavaro) evaziga eng yaxshi deb topilish mumkin bo'lgan davrlarga ham ancha yillar bo'lib ketdi.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, Ronaldu va Messidan bo'shab qolgan taxtga katta ehtimol bilan Luka Modrich, ya`ni ancha tajribali va yoshi katta futbolchi chiqishi haqiqatga yaqinroq. Bu nima degani? Bu kelasi mavsumda bu taxtning yana bo'sh bo'lishini va unga o'zini ko'rsata olgan har kim, balki hatto yana o'sha Ronaldu yoki Messi ham chiqishi mumkinligini bildiradi. Hozircha esa, biroz erta bo'lsa-da, Modrichga qarsak chalib turamiz.

Q.Aslanov tayyorladi.
Manba: Kun.Uz   

Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:
Категория: Sport yangiliklari | Просмотров: 564 | Добавил: KenjaMedia | Рейтинг: 0.0/0
Похожие Новости
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]