Olov-Olov turk serial

Музыка по альфавиту: A | B | C | D | E | F | G | H | I | J | K | L | M | N | O | P | Q | R | S | T | U | V | X | Y | Z | 0-9

0

“Yosh jazman”ning kasofati...

Автор: MASSARIкатегория: Turmush chorraxalaridaдата: 04.03.2021
Bu oilani uzoq yillardan beri bilaman. Adashmasam, ular turmush qurgan kundanoq janjallashishni boshlashgan edi. Ammo har gal bu janjallar dahanaki so‘kish-u yengil haqoratlar bilan yakun topardi. Oxiri ajralishdi ham. Afsuski, shundan keyingi janjal ikkovlari uchun ham qimmatga tushdi…

* * *
Sariboy yoqalari kirlabroq qolgan yozgi ko‘ylagi tugmalarini yechgancha katta ko‘cha bo‘ylab ketib borardi. Maqsadi bitta. Kechagi ichkilikdan so‘ng qattiq og‘riyotgan boshini tuzatmasa bo‘lmaydi. Buning uchun esa do‘konga kirishi, ulfat qidirishi va qittay-qittay qilishi lozim. Busiz iloji yo‘q. Ming dori ichgan bilan qittay-qittayning o‘rnini bosmaydi. Ichsa, boshi ham tuzaladi, ishtahasi ochilib yengil tortadi.

Sariboy uzoqdan yaqin oshnasi Xoldorni ko‘rdi-yu, birdan chehrasi ochilib, og‘zining tanobi qochdi.

— Oh, Xudoning o‘zi yetkazdi! — dedi ovoz chiqarib. — Ichkilikni ahmoqlargina ulfatsiz ichadi. Yashavor Xoldorvoy!..

Xoldorning ham dardi shunday ekanmi, dast o‘rnidan turdi-da, qichqirib yubordi.

— Bormisan, Sari? Zap vaqtida kelding-da o‘ziyam!..

Ikki ulfat quchoq ochib ko‘rishgach, Xoldor qayta-qayta Sariboyning yelkasiga qoqdi. — Bugun tug‘ilgan kunim, do‘stim! Birgalikda nishonlaymiz!

— Ie, shunaqami? — Sariboy sal xijolat tortgandek bir qadam ortga tislandi. — Bilganimda sovg‘a opkelarkanman-ku!..

— Sovg‘aga balo bormi? O‘zing sovg‘adanam zo‘rroqsan! Bilasan-ku, bir o‘zim ichishni yomon ko‘raman!

— Menam kecha sal ko‘paytirvorgan ekanman. Boshim yorilay deyapti.

— Tamom! — dedi Xoldor cho‘ntagidan bir necha dona mingtalik chiqarib. — Bugun men eriyman. Ma, manavini olgin-da, do‘konga g‘izilla!..

— Gazagiga… Nima olay? — so‘radi Sariboy tutilib.

— Sho‘r bodringdan ikki donasini ol, yetadi! Ha, papiros olish esingdan chiqmasin!..

* * *

Aslida bosh og‘rig‘ini tuzatish ilinjida bo‘lgan ikki ulfat bir soatdan so‘ng g‘irt mast holda maktab hovlisida o‘tirishardi. Ayniqsa, Xoldor butkul aljirab qolgandi. Shunda ham gohi-gohida Sariboyga dakki berib qo‘yardi.

— Sen qayoqqa qarayapsan o‘zi? — suhbat orasida so‘radi Sariboydan. — Erkaklik g‘ururing qayga yo‘qoldi, oshna?

— N-nima deganing bu? — tushunmay Xoldorga yaqinroq o‘tirib qulog‘ini ding qildi Sariboy. — Nima demoqchisan?

— Xotining Oysuluvni aytaman. — dedi Xoldor hiyla ovozini pasaytirib. — Nima ishlar qilib yurganini bilasanmi?

— Q-qaysi Oysuluv?..

— Qaysi bo‘lardi? O‘g‘ling Serikboyning onasi-da!..

— Ie, nima qilib yuribdi ekan u iflos? Erga tegibdimi?..

— E, — qo‘l siltab qo‘ydi Xoldor. — Erga tegsa mayliydi. O‘ynash orttirvolganmish, o‘ynash!

— Nima? O‘ynash dedingmi? — Sariboy bu gapni eshitgach, rangi gezargancha o‘rnidan turib ketdi. — Sen qayoqdan eshitding? Kim ekan u xunasa?..

— Qo‘y, o‘zingni bos! — uni o‘tirishga undadi Xoldor. — Ajralib ketgansan-ku baribir!.. Ha endi… Gap yo‘g‘ida bir aytdim-qo‘ydim-da!

— Yo‘q, hammasini aytasan. Kimligini bilmagunimcha seni qo‘yib yubormayman!..

Sariboy Xoldorning yoqasidan olib o‘rnidan turg‘azdi.

— Bo‘l tez! Agar aytmasang, senday oshnam yo‘q, vassalom!

— Xo‘p, aytaman.

Xoldor uning qo‘lini yoqasidan olib tashladi-da, ko‘p qavatli uylar tomon ishora qildi.

— Hov anavi to‘rt qavatli dom yonida ko‘rib qoldim xotiningni. Novchadan kelgan, oq-sariq bir yigitminan quchoqlashib turgan ekan. Yigit yigirma beshlarda bor-ov!..

— Shunaqami? — Sariboy tishlarini g‘ijirlatib ulfati ko‘rsatgan uy tomon alam bilan boqdi. — Yoshrog‘ini topvolibdi-da megajin! To‘xtab tursin, hali unga ko‘rsatib qo‘yaman erkak qanaqa bo‘lishini! Bo‘pti, yaxshi qol! Men ketdim!

— Hoy, qayoqqa? To‘xta!

* * *

Shu tobda Sariboyni hech qanday kuch to‘xtata olmasdi. Uning ko‘z o‘ngida faqat sobiq xotinining o‘zga bir erkak qo‘ynida erkalanishi gavdalanar, tasavvur qilgani sayin battar g‘azab otiga minardi.

U xotini yashaydigan uyga yaqinlashgach, cho‘ntagini bir kovlab oldi-da, podyezd ichkarisiga qarab chopdi. Kirib ketayotganda kimlardir unga salom berdi, hol-ahvol so‘radi. Sariboy ularning birontasiga e’tibor bermadi. Tezroq yuqori qavatga ko‘tarilib olish, o‘ziga tanish eshikni ochish ilinjida bo‘ldi.

Ana, bir paytlar o‘z qo‘llari bilan qurgan temir eshik. Bo‘yoqlari ko‘cha boshlabdi. Devorlarni is bosibdi.

Sariboy bir muddat tish qayrab turgach, eshikni tepib baqirdi:

— Och, itdan tarqagan! Och dedim!..

Uch-to‘rt tepki tushgach, avvaliga ichkaridan kimlarningdir pichir-pichiri quloqqa chalindi. So‘ngra eshikka kimdir yaqin kelgandek bo‘ldi.

— Ha, qo‘rqyapsanmi? — qichqirishda davom etdi Sariboy. — Qo‘rqma! Allaqachon eshitganman. Vey, agar ochmasang, eshikni buzib bo‘lsayam kiraman, bildingmi?!.

— Senga nima kerak? — nihoyat ichkaridan Oysuluvning mayin ovozi eshitildi. — Bor ket!

— Kim ketadi? Menmi? Vey, sen yaramas mening uyimda o‘tiribsan!..

— Bu sening uyingmas, Foziljonniki! Uy o‘g‘lingga qolgan!.. Yo‘qol! Hozir melisa chaqiraman!..

— Voy itdan tarqagan-ey!.. — yerga chirt etib tupurib so‘kindi Sariboy. — O‘ynashing qo‘yvormayaptimi-a?.. Hozir kiray, ikkalangniyam kuningni ko‘rsataman!..

— Nimani ko‘rsatarding?.. — bo‘sh kelmadi Oysuluv. — Turishingga bir qara! Tag‘in do‘q urasan-a!..

Sobiq xotinining so‘nggi gaplari Sariboyni battar g‘azablantirdi. U eshikni tinimsiz tepa boshladi. Bu orada qo‘ni-qo‘shnilar bir-bir eshiklarini qiya ochib tashqariga mo‘ralashdi-yu, Sariboyni ko‘rib darhol o‘zlarini ichkari olishdi.

Oysuluv esa toqati toq bo‘ldimi, eshik zulfinini sug‘urib ostonada paydo bo‘ldi.

— Qani u? Qani deyapman?

Sariboy jonholatda kirib xonalarni titkilay boshladi.

— Qani o‘ynashing, iflos? Ha-a, qilg‘iliqni qilib qo‘yib endi jim turibsan-da-a?.. Yo‘-o‘q, men sening adabingni beraman! O‘ldiraman!.. Qoningni ichaman!

— Ichib bo‘psan! — dedi ovozini pasaytirib Oysuluv. — Sendaqalarning kuchi faqat og‘ziga yetadi.

— Men bilan shu maqsadda ajrashganmiding? Yoshrog‘ini topvolgan ekansan-da!..

— Ajab qilaman!.. Qo‘lingdan nima keladi? Bitta bolani eplab boqolmaganingdan keyinam yashayveraymi senminan? Hecham-da!..

— O‘ldiraman!

Sariboy og‘zidan tupuk sachratib oshxonaga kirdi va qo‘lida oshpichoq bilan ortga qaytdi.

— Ayt o‘sha xunasani! Ko‘rsat menga!..

— Senga ko‘rinaman deb o‘lib turgani yo‘q! — dedi Oysuluv xotirjam ohangda. — Kim bo‘psan-u, senga ko‘rinsin?!.

Sariboy picha taysallanib turdi-da, Oysuluvga juda yaqin kelib pichoq tig‘ini qorniga tiradi.

— Oxirgi marta so‘rayapman. Qani o‘ynashing?..

— Yo‘q dedim-ku! — shivirladi Oysuluv qo‘rqayotganini sobiq eriga sezdirmaslikka urinib. — Tiq pichog‘ingni! Nega turib qolding?..

— Mana senga, mana!.. Ulushingni ol, ablah, mana!..

Ayolning qorin qismiga bir necha marotaba tig‘ sanchilib, ko‘ylagi etagidan qon sizib chiqdi. Oysuluv ko‘zlari olayib, og‘ir-og‘ir nafas oldi va shilq etib yiqildi.

Shundan keyingina Sariboy nima qilib qo‘yganini anglab yetdi. Ammo Oysuluvga yordam bermadi.

U pichoqni balkonga irg‘itib qochishga tutindi.

Xotima o‘rnida:
Oradan o‘n besh-yigirma daqiqa o‘tdi. Sariboyning ketganiga amin bo‘lgan qo‘shni ayollar Oysuluvdan hol so‘rash ilinjida ichkariga mo‘ralashgandi. Uy bekasining behush yotganini ko‘rib tezda vrachga qo‘ng‘iroq qilishdi. Uzoq urinishlardan so‘ng vrachlar Oysuluvning hayotini saqlab qolishdi.

Sariboy esa o‘sha kunning o‘zidayoq militsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Теги: Jazman, jinoyat, turmush chorraxalarida

Уважаемый посетитель, Вы зашли на сайт как незарегистрированный пользователь.
Мы рекомендуем Вам зарегистрироваться либо войти на сайт под своим именем.
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]